Mazkur hujjat sogʻlom va xaqqoniy sportni targʻibot qilish hamda Butunjahon antidoping agentligining kodeks va standartlarini Oʻzbekistonda samarali amalga oshirish, Oʻzbekiston Respublikasi sportchilarining 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarligiga barcha shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgandir, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.
Shu oʻrinda, Sportda dopingga qarshi kurash boʻyicha xalqaro konvensiyani barcha aʼzo davlatlar qatorida Oʻzbekiston Respublikasi 2010 yilda ratifikatsiya etganini alohida taʼkidlash joiz.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi zimmasiga Butunjahon antidoping agentligining antidoping boshqaruvi va menejmenti (ADAMS) maxsus dasturini respublikamizda joriy etish va qoʻllash masʼuliyati yuklatilgan. Mazkur dastur orqali Agentlikni faoliyatini samarali tashkil etish va butunjahon tezkor maʼlumotlar bazasi axborotlaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi hamda musobaqa va musobaqalardan tashqari boʻlgan davr mobaynida doping-test jarayonlaridan Oʻzbekiston sportchilari oʻtishi toʻgʻrisida aniq axborot shakllanadi va doping-nazorat tizimi tashkil etiladi. Ayniqsa, Oʻzbekiston sportchilari dori vositalaridan terapevtik maqsadlarda foydalanishi va taqiqlangan dori vositalaridan foydalanmasligi toʻgʻrisida aniq tavsiyalar berish mexanizmi va samarali antidoping tizimi joriy etiladi.
Qaror bilan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy olimpiya qoʻmitasi huzuridagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazining “Milliy antidoping xizmati” negizida “Sport psixologiyasi boʻlimi”ni tashkil etish koʻzda tutilgan. Shuningdek, Agentlik tarkibida 3 ta boʻlim va 2 ta komissiya tashkil etilishi natijasida sportchilar, murabbiylar, sport tibbiyoti xodimlari va boshqa mutaxassislarga sogʻlom va xaqqoniy sportni targʻiboti hamda taqiqlangan dori vositalari yoki uslublar nazoratini taʼminlash kabi dopingga qarshi kurashish borasidagi qator muhim vazifalarni amalga oshirish belgilab berilgan.
Bu borada Agentlikka doping orqali sportchilarga yetkaziladigan zarar, inson sogʻligʻi uchun doping qabul qilishning salbiy oqibatlari toʻgʻrisida sport jamoatchiligini xabardor etish, Butunjahon antidoping agentligining dasturlari va loyihalarini amalga oshirish, halqaro tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratish zarurligi belgilangan.