Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Musulmonlar idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari muborak Haj ziyoratiga tayyorgarlik jarayonlari, yurtdoshlarimiz uchun yaratilgan sharoitlar, ularning salomatligi va kayfiyati haqida soʻradi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar Shavkat Mirziyoyevga, avvalo, muborak joylarda ibodat fayzi bilan yurgan hojilarimizning salomi va duolarini yetkazdi.
Bu yil ham Haj tadbirlari yuqori saviyada, tartibli tashkil etilgani taʼkidlandi. Hududlardagi Haj markazlari orqali ishlar uyushqoqlik bilan olib borildi. Vazirlar Mahkamasi boshchiligida Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Tashqi ishlar vazirligi, Transport vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va boshqa tuzilmalar hamkorligida ziyoratchilar uchun barcha sharoit yaratildi.
Ayni paytda qariyb 12 ming nafar yurtdoshimiz Saudiya Arabistonida boʻlib turibdi. Jami 15 ming 130 nafar fuqaro Haj ibodatiga muyassar boʻladi. Ularga 300 nafar guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, oshpazlar, tarjimonlar va boshqa koʻmakchilar hamrohlik qiladi.
Bu kabi eʼtibor va sharoitlarni arabistonlik mutasaddilar ham yuqori baholab, Oʻzbekiston Prezidentiga hurmat va duolarini izhor etmoqdalar.
Bu yildan boshlab bir yangilik – Saudiya Arabistonida boʻlib turgan diniy soha xodimlari hamda qori ziyoratchilar tomonidan Qurʼoni karimni xatm qilish yoʻlga qoʻyildi. Hozirgacha 1 ming 515 ta xatm oʻqilib, yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik tilab duolar qilingan.
Davlat rahbari yurtdoshlarimiz muqaddas Haj ibodatini mukammal ado etib, sogʻ-omon kelishlarini tiladi. Oʻzbekistonga qaytgach, hojilar jamiyatimizdagi mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish, yoshlar tarbiyasi va oilalar totuvligida ibrat boʻlishlariga umid bildirdi.
Suhbat samimiy va koʻtarinki ruhda oʻtdi.