Prezident pedagoglar bilan muloqot qildi

0
15
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pedagogik mahorat milliy institutida oʻqituvchi va murabbiylar bilan muloqot qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlarda ulkan maqsadlar belgilangan. Ularni amalga oshirish va taraqqiyotni davom ettirish yosh avlodning bilim va tafakkuriga, tarbiyasiga, vatanparvarligiga bogʻliq.

Buning uchun oʻqituvchilar huquqiy, ijtimoiy va moliyaviy tomondan himoya qilingan va yetarli taʼminlangan boʻlishi kerak. Shu bois yangilangan Konstitutsiyamizda oʻqituvchi maqomi alohida mustahkamlab qoʻyildi. Bu yil “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi.

Davlatimiz boyligi, birinchi navbatda, yosh avlod tarbiyasiga sarflanmoqda. Soʻnggi 7 yilda taʼlimni rivojlantirishga jami 216 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Moddiy-texnik bazani mustahkamlash uchun byudjetdan 19,5 trillion soʻm sarflanib, 6 mingta davlat maktabi va 3,5 mingta bogʻcha rekonstruksiya qilindi hamda yangidan qurildi. Maktablarda 800 mingta, bogʻchalarda 535 mingta qoʻshimcha oʻrin yaratildi.

Xususiy taʼlimga keng imkoniyatlar yaratilayotgani tufayli xususiy maktablar soni 27 tadan 500 taga yetdi, nodavlat bogʻchalar 250 tadan 30 mingtaga koʻpaydi.

Oʻqituvchilarga mahorati va erishgan yutuqlariga qarab toʻlanadigan ustamalar soni 3 tadan 17 taga oshirildi. Oʻz ustida astoydil ishlagan, xorijiy sertifikat olgan 6 ming oʻqituvchi 10 million soʻmdan ziyod maosh olmoqda.

14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ularning dasturlari asosida tabiiy va aniq fanlar boʻyicha zamonaviy darsliklar yaratilmoqda. Prezident maktablaridagi baholash tizimi hozir 500 ta umumtaʼlim maktabida qoʻllanmoqda. Baholashni samarali yoʻlga qoʻygan 66 ta maktab jamoasiga 40 foizgacha ustama toʻlanmoqda.

Mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni seleksiya yoʻli bilan tanlab olish boʻyicha ilgari boʻlmagan yangi tizim yoʻlga qoʻyildi. Natijada bu yilning oʻzida xalqaro fan olimpiadalarida oʻquvchilarimiz 122 ta medalni qoʻlga kiritdi.

Maktab bitiruvchilarini oliy taʼlimga qamrab olish darajasi soʻnggi 7 yilda 4 karra oshdi. Bu yil 310 ming nafar yoshlar talaba boʻldi. Ularning qariyb yarmi qizlardir.

Muloqotda davlatimiz rahbari taʼlim sifati masalasiga alohida toʻxtaldi.

Davlat taʼlim muassasalarida 46 ming nafar, xususiy tashkilotlarda esa 38 ming nafar pedagog 5 yil davomida malaka oshirmagani qayd etildi. Bu yil sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar yordamida oʻtkazilgan attestatsiya jarayonlarida 21 ming nafar pedagog malaka boʻyicha yetarli ball toʻplay olmagan. Afsuski, bunday holatlar oʻquvchilarning bilimiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Shu bois taʼlim sifatini yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha 7 ta yoʻnalishda vazifalar belgilandi.

Birinchi yoʻnalish. Abdulla Avloniy nomidagi institut pedagoglarda kasb mahoratini oshirishga masʼul boʻladi. Institutning 12 ta hududiy markazini zamonaviy qiyofaga keltirish va jihozlash uchun yaqin 3 yilda byudjetdan har yili 50 milliard soʻm ajratiladi. Malaka oshirishda vazirlik – malaka oshirish markazi – maktab va bogʻchani bogʻlaydigan vertikal tizim yoʻlga qoʻyiladi.

Bundan tashqari, joylarda 1 ming 300 ta tayanch maktab va 200 ta bogʻcha tanlab olinib, yosh pedagoglar uchun “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tashkil etiladi. Buning uchun yetakchi oʻqituvchilarning ish haqiga 20 foiz ustama qoʻshiladi.

Ikkinchi yoʻnalish. Muallimlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning mehnatini ragʻbatlantirish davom ettiriladi. Kelgusi oʻquv yilidan xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatini berish yoʻlga qoʻyiladi. Sinovlarda 86 va undan yuqori ball olgan pedagoglar qoʻshimcha 70 foiz ustama oladi.

Davlatimiz rahbari “Yil oʻqituvchisi” tanlovi oʻtkazilib, 208 ta tuman va shahardan gʻolib boʻlgan oʻqituvchilarga sovgʻa sifatida uy-joy berilishini eʼlon qildi.

Shuningdek, har yili sanatoriy va dam olish maskanlariga yuboriladigan oʻqituvchilar soni 2 barobar oshiriladi.

Bir yil oldin maktab direktorlarini oʻqitish tizimi joriy etilgan edi. Bugungi kunda ulardan 1 ming 206 nafari menejerlik sertifikatiga ega boʻldi. Hozir ana shu direktorlarga oʻrtacha 3 million soʻm ustama berilmoqda.

Endi bu amaliyot 2025 yil 1 sentyabrdan bogʻcha mudiralariga ham tatbiq etiladi va ularga har oyda 30 foizgacha qoʻshimcha ustama toʻlanadi.

Bilimdon va jonkuyar oʻqituvchilar xalqning noyob boyligi ekani taʼkidlanib, ular haqida “Ustozga ehtirom” nomli kitob va filmlar yaratish zarurligi aytildi.

Uchinchi yoʻnalish. Aholi oʻsishi tufayli yiliga maktablarda 120 mingta, bogʻchalarda 30 mingta qoʻshimcha oʻringa talab yuzaga kelmoqda.

Kelgusi yili byudjetdan ajratiladigan 3 trillion 200 milliard soʻm hisobidan 375 ta maktab va 97 ta bogʻcha rekonstruksiya qilinadi va yangilari quriladi.

Bundan tashqari, Islom taraqqiyot banki va OPEK jamgʻarmasining 50 million dollar mablagʻi doirasida kelgusi 4 yilda 200 ta xususiy bogʻcha qurilib, yangi 30 mingta oʻrin yaratiladi.

Yangi yildan boshlab, xususiy sektorda oʻquvchi oʻrinlarini koʻpaytirish uchun maktab ochadigan tadbirkorlarga 20 milliard soʻmgacha kredit ajratiladi. Kredit foizining asosiy stavkadan 1,5 barobar oshgan qismi byudjetdan qoplanadi.

Shuningdek, yangi quriladigan xususiy maktab binolari uchun kommunal xarajatlarning 50 foizi 5 yil muddatgacha byudjetdan toʻlab beriladi.

Shu bilan birga, tadbirkorlar oʻz hisobidan maktab qursa, unga ketgan xarajatlar foyda soligʻidan ikki yil davomida teng ulushlarda chegirib tashlanadi.

Toʻrtinchi yoʻnalish. Taʼlimda sifat va raqobatni taʼminlash uchun raqamlashtirish darajasi oshiriladi.

Oʻtgan 5 yilda 13 ming 500 dan ortiq kompyuter sinf xonalari 200 mingta zamonaviy kompyuter bilan taʼminlandi. Kelgusi yil yana 2 mingdan ziyod kompyuter sinflari yangilanadi, bunga byudjetdan 400 milliard soʻm beriladi.

Ana shu kompyuterlarga elektron taʼlim kontentlari yuklanib, bolalar uchun mustaqil taʼlim olish imkoniyati oshadi. Oʻquvchilar murrakab konsepsiyalarni oson oʻzlashtirishi uchun aniq va tabiiy fanlar boʻyicha virtual laboratoriyalar tashkil etiladi. Yangi oʻquv yilidan boshlab bunday laboratoriyalar har bir viloyatda 10 tadan maktabda qilinadi.

Shuningdek, maktab tizimida oʻqituvchi oʻz imkoniyati va yutuqlarini, yangi ishlanmalarini eʼlon qilishi uchun yagona onlayn platforma yaratiladi.

Singapurlik 16 nafar ekspert matematika va tabiiy fanlar oʻqituvchilarining kasb mahoratini oshiradi. Pedagoglar sunʼiy intellektga asoslangan taʼlim platformasida bilimlarini bir yil davomida muntazam sinovdan oʻtkazadi.

Xususiy bogʻchalardagidek, 6 ming 800 ta davlat bogʻchalarida ham davomat, toʻlovlar, oziq-ovqat xarajatlarini shakllantirish toʻliq raqamlashtiriladi.

Beshinchi yoʻnalish. Prezident maktablari va ixtisoslashgan maktablar tajribasi ommalashtiriladi.

Bu yoʻnalishda yana 1 mingta umumtaʼlim muassasasida Prezident maktablari va ixtisoslashgan maktablardagi baholash tizimini joriy etish boshlandi. Hokimliklarga ularni taʼmirlash va zarur darajada jihozlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, oliy taʼlim va malaka oshirish tizimida yagona uzviy zanjirni yoʻlga qoʻyish uchun pedagogik taʼlim klasterlari tashkil qilinadi. Bu tajriba-sinov tariqasida dastlab Andijon va Buxoro shaharlarida barpo etiladi.

Oltinchi yoʻnalish. Iqtidorli yoshlarni seleksiya qilish tizimi yangi bosqichga olib chiqiladi. Buning uchun xalqaro darajada fan olimpiadalariga tayyorlash markazi tashkil etiladi.

Ragʻbatlantiriladigan xalqaro fan olimpiadalari soni 18 tadan 22 taga yetkaziladi. Bunda nufuzli xalqaro olimpiadada oltin medal olgan oʻquvchiga 170 million soʻm, kumush medalga 102 million soʻm, bronza medal uchun 68 million soʻm mukofot puli beriladi.

Shu bilan birga, ana shu oʻquvchilarning oʻqituvchilari 50 milliondan 150 million soʻmgacha mukofotlanib, ularga bir yilda 100 foizlik ustama olish imkoni yaratiladi. Ilk bor xalqaro fan olimpiadalarida gʻolib boʻlgan oʻquvchilar jamoasi rahbarlarini ham ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Prezident pedagogika yoʻnalishida tahsil olayotgan iqtidorli talabalar uchun Abdulla Avloniy nomidagi stipendiyani tashkil etish tashabbusini bildirdi.

Yettinchi yoʻnalishda taʼlimning ajralmas qismi boʻlgan tarbiya va odob-axloq masalalariga eʼtibor qaratildi. Shu maqsadda Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti yangidan tashkil etildi.

Yoshlarda gʻoyaviy immunitetni shakllantirish, ota-onalar, oʻqituvchi va oʻquvchilar uchun tarbiyaga oid raqamli kontentlar yaratish muhimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, bu borada teatr va kino sanʼatidan foydalanish, yoshlar ijodini qoʻllab-quvvatlash, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, kitobxonlikni yanada kengaytirish vazifalari koʻrsatib oʻtildi.

Uchrashuv ochiq muloqot tarzida davom etdi.  Bu yerga yigʻilgan va hududlar orqali bogʻlangan pedagoglar fikr va takliflarini aytdi. Prezidentimiz ularni qoʻllab-quvvatlab, takliflarini amalga oshirish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.