Prezident: Qanchalik qiyin va murakkab boʻlmasin, demokratik islohotlar yoʻlidan hech qachon ortga qaytmaymiz

0
91
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasidan:

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tahlillariga koʻra, pandemiya xavfi hali uzoq vaqt saqlanib qolishi mumkin. Demak, insoniyat boshidagi sinovlar yana qancha davom etishini hech kim aniq aytib bera olmaydi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, nufuzli ekspertlar prognoziga koʻra, pandemiya butun dunyoda inqirozli holatlar, ijtimoiy keskinlik, qashshoqlik kabi muammolarni kuchaytirishi mumkin.

Barchamizga ayonki, pandemiyadan keyin dunyoning ijtimoiy-iqtisodiy manzarasi albatta oʻzgaradi.

Mana shunday sharoitda kim yutadi? Toʻplangan tajriba shuni koʻrsatmoqdaki, kuchli va samarali boshqaruv tizimiga ega boʻlgan davlatlar pandemiya xavfini oʻz vaqtida va bir yoqadan bosh chiqarib, bartaraf etishga va bu kurashda yengib chiqishga qodir boʻladi. Buni Oʻzbekistonning pandemiya davridagi kurash tajribasi ham isbotlab turibdi.

Lekin erishgan natijalarimizga mahliyo boʻlmasdan, jahondagi vaziyatga sergaklik bilan qarab, barchamiz – kim boʻlishimiz, qaysi vazifada ishlashimizdan qatʼi nazar, mamlakatimizning milliy manfaatlarini taʼminlash haqida jiddiy oʻylashimiz zarur.

Bugungi murakkab sharoitda, yurtimizda boshlangan keng qamrovli islohotlar, yangi Oʻzbekistonni barpo etish sari tashlayotgan dadil qadamlarimizning bardavom boʻlishini taʼminlash eng asosiy vazifamiz boʻlishi shart.

Global inqiroz sharoitida iqtisodiy va siyosiy barqarorlikni taʼminlash, joylardagi mavjud muammolarni manzilli hal etish, koʻmakka muhtoj yurtdoshlarimizni qoʻllab-quvvatlash, yoshlarimizning orzu-umidlarini roʻyobga chiqarish – Prezidentdan boshlab barcha darajadagi rahbarlarning bosh vazifasi boʻlmogʻi darkor.

Ana shu oʻta muhim vazifalarni amalga oshirishda asosiy talab davlat va jamiyat institutlari oʻrtasida samarali hamkorlikni taʼminlash, bu jarayonda natijadorlik va sifatni oshirishdan iborat.

2021 yilda davlatimiz va xalqimiz hayotida yana bir katta siyosiy voqea – Prezidentlik saylovi boʻlib oʻtadi.

Markaziy saylov komissiyasi boʻlajak saylov milliy qonunchiligimiz va umumeʼtirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida, yuksak saviyada tashkil etilishiga alohida eʼtibor qaratishi lozim.

Birinchi navbatda, saylov komissiyalari aʼzolarini saylov qonunchiligi va xalqaro standartlar boʻyicha tizimli oʻqitish kerak.

Oʻtgan saylovlarda xalqaro kuzatuvchilar tomonidan berilgan maqbul tavsiyalarni milliy qonunchilik va amaliyotga tatbiq etish ishlarini davom ettiramiz.

Bu muhim siyosiy kampaniya yangi Oʻzbekiston sharoitida saylovchilarimiz, barcha fuqarolarimizning siyosiy va huquqiy madaniyati, dunyoqarashi, grajdanlik pozitsiyasi yuksalib borayotganini yana bir bor namoyon etadi, deb ishonaman.

Aziz doʻstlar! 

Oʻylaymanki, bugungi Murojaatnomada oʻrtaga qoʻyilgan ustuvor vazifalar boʻyicha parlamentimiz, siyosiy partiyalar, nodavlat tashkilotlar, koʻpni koʻrgan donishmand nuroniylarimiz, tashabbuskor yoshlarimiz – keng jamoatchilik oʻz fikr-mulohazalarini bildiradi.

Hukumat bir oy muddatda ana shu ustuvor yoʻnalishlar va vazifalar boʻyicha keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan takliflar, fikr va mulohazalarni inobatga olgan holda, 2021 yil Davlat dasturini hamda Oʻzbekistonning pandemiyadan keyingi taraqqiyot dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun kiritsin.

Shuni taʼkidlash kerakki, oʻz oldimizga qoʻygan marralarga erishish uchun bizda tabiiy resurslar ham, kuch va imkoniyatlar ham, salohiyat ham yetarli.

Ortimizda togʻdek tayanch va suyanch boʻlib turgan koʻpmillatli xalqimiz, hayot yoʻllarida toʻgʻri yoʻl koʻrsatadigan moʻtabar nuroniylarimiz, mehnatkash, oqila opa-singillarimiz, ilgʻor va zamonaviy fikrlaydigan, dunyoda hech kimdan kam boʻlmagan azmu shijoatli yoshlarimiz bor.

Eng muhimi, jamiyatimizda tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik, bagʻrikenglik va mehr-oqibat muhiti hukm surmoqda.

Biz barchamiz “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan yagona maqsad atrofida birlashib, masʼuliyat va javobgarlikni chuqur his etgan holda, fidokorona mehnat qilib, oʻz orzu-maqsadlarimizga, inshoolloh, erishamiz.

Bugun yaxshi niyatlar bilan juda katta marralarni oʻzimizga belgilab olmoqdamiz. 2021 yilda oldimizda har qachongidan ham zarur, oʻta muhim vazifalar turibdi.

Albatta, ularga erishish oson boʻlmaydi. Hayotimizning turli sohalarida muammo va kamchiliklarimiz ham yetarli. Joylarda ishni toʻgʻri tashkil etmaslik, ayrim rahbarlarda saviya va malaka yetishmasligi, byurokratiya, korrupsiya holatlari, loqaydlik va beparvolik kabi nuqsonlar ham borligi sir emas.

Biz bularning barchasini oʻzimizga yaxshi tasavvur etamiz. Yoʻlimizda katta gʻov boʻlib turgan toʻsiqlarni bartaraf etish uchun boshlagan islohotlarimizni ogʻishmasdan davom ettiramiz.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, yangi yilda yanada katta safarbarlik ruhida ishlashimizga toʻgʻri keladi. Hayot oldimizga yana qancha sinov va muammolarni qoʻyishi mumkin va biz har qanday holatga tayyor turishimiz zarur.

Lekin, qanchalik qiyin va murakkab boʻlmasin, demokratik islohotlar yoʻlidan hech qachon ortga qaytmaymiz. Oldinga, faqat oldinga qarab boramiz. Va biz bunga har tomonlama qodirmiz.

Chunki bugungi xalqimiz kechagi xalq emas. Bugungi Oʻzbekiston ham kechagi Oʻzbekiston emas.

El-yurtimiz hozirgi ogʻir sharoitda barcha sinov va qiyinchiliklardan yanada kuchli va irodali boʻlib chiqmoqda. Oʻzining hayoti va taqdiri, kelajagi Vatanimizning taqdiri va kelajagi bilan chambarchas bogʻliq ekanini chuqur his etmoqda.

Hech shubhasiz, oʻz kuchimiz va imkoniyatlarimizga boʻlgan ishonch bizni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ezgu maqsad yoʻlida birlashtirib, yanada kuchli va mustahkam qilmoqda. Bu intilishlar ulkan amaliy ishlarga aylanib, buyuk xalq harakati tobora kengayib bormoqda. Bunday qudratli safda boʻlishning oʻzi katta baxt, katta sharafdir.

Barchamizga ana shu ulugʻ safda boshqalarga ibrat va namuna boʻlish, jonajon Vatanimiz, aziz xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan xizmat qilish nasib etsin!

Fursatdan foydalanib, sizlarni, sizlar orqali barcha vatandoshlarimizni kirib kelayotgan yangi – 2021 yil bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Yangi yilda barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga fayzu baraka, farzandlar, nabiralarning kamolini koʻrish baxtini tilayman.

Shu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining navbatdagi Murojaatnomasi yakunlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.