Prezident Qarshidagi mahallada mehmon boʻldi

0
79
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Qarshi shahridagi Oydin mahallasida boʻlib, aholi turmushi, hududdagi obodlik va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bilan yaqindan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bu yerda 11 mingga yaqin aholi yashaydi. Hududda ikkita maktabgacha taʼlim tashkiloti, bitta umumtaʼlim maktabi mavjud. Joriy yilda yana uchta koʻp qavatli uy foydalanishga topshirildi.

Mahallada xizmat koʻrsatish sohasi, tikuvchilik va hunarmandchilik yaxshi rivojlangan. Xususan, yigirmaga yaqin savdo doʻkoni, sartaroshxona, umumiy ovqatlanish shoxobchasi va boshqa turdagi tadbirkorlik subyektlari faoliyat yuritmoqda. Ularda mahalliy aholi, xususan, yoshlar ish bilan band.

Joriy yilda mahalladagi ikki yuz nafardan ortiq ishsiz aholi doimiy va mavsumiy ishlarga joylashtirildi. Yana qariyb shuncha fuqaro “Ishga marhamat” monomarkazlari va boshqa nodavlat taʼlim muassasalari orqali oʻqitildi. Ularning 191 nafari oʻzini-oʻzi band qilgan shaxs sifatida ish boshlagan.

Mahalla faollari Prezidentga hududdagi oʻzgarishlar, odamlar hayoti haqida soʻzlab berdi. Bu yerdagi koʻp qavatli uylarda ilgari toʻrtta ogʻir toifadagi shirkat boʻlgan. Kommunal xizmatlarda muammolar koʻp edi. “Oydin boshqaruv servis kompaniyasi” tashkil etilib, xizmat sifati yaxshilandi.

Mavsum oldidan koʻp qavatli uylarda kuz-qish mavsumiga zarur choralar koʻrildi. Xususan, oʻnta uyning tomi, yuzdan ortiq yoʻlaklar taʼmirlandi, issiqlik quvurlari izolyasiya qilindi.

Hudud koʻkalamzorlashtirilgan. “Yashil makon” loyihasi doirasida olti ming tupdan ortiq mevali va manzarali koʻchatlar oʻtqazilgan. Koʻchalar asfaltlangan, yoritgichlar oʻrnatilgan. Ikki kilometrlik piyodalar yoʻlakchasi tashkil etilgan.

Qarshi shahri masʼullari, mahalla “ettiligi” hududda amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berdi.

Maʼlumki, yurtimizda barcha ijtimoiy chora-tadbirlar mahallalarda, xalq bilan birgalikda tashkil qilinmoqda. Bu tizim bosqichma-bosqich rivojlantirilib, endi yanada keng vakolat va imkoniyatlar berilmoqda. Mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektoridan iborat tizimga soliqchi va ijtimoiy xizmat xodimi ham qoʻshilib, “mahalla yettiligi” joriy etilmoqda. Kelgusi yildan “Mahalla byudjeti” tizimi toʻliq joriy qilinadi. Bu – har bir mahallaning 100 million soʻmgacha mablagʻi boʻladi, degani. Shuningdek, amaldagi uchta platforma – “Onlayn mahalla”, “Xotin-qizlar”, “Yoshlar portali” oʻzaro integratsiya qilinib, yagona tizimda mujassamlashtiriladi. 

Prezidentimiz mazkur tizimni samarali ishlatish, bunday keng vakolat va mablagʻlardan foydalanib, mahalladagi dolzarb muammolarni hal qilish zarurligini taʼkidladi. Aholini tadbirkorlikka, xotin-qizlarni kasb-hunarlarga jalb etib, daromadini oshirish, yoshlar uchun madaniy tadbirlar, musobaqalar tashkil etish muhimligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari mahalladagi 11-uyda yashovchi Dilshod Nabiyev xonadonida mehmon boʻldi. Oila boshligʻi institutda oʻqituvchi. Turmush oʻrtogʻi Hurriyatxon bilan ikki farzandni voyaga yetkazmoqda. Ular oʻz turmushi va mehnat faoliyati, bolalarga berilayotgan eʼtibor va imkoniyatlar haqida soʻzlab berdi.

Prezident mahallaning yangi markazi – mahalla guzari, xizmat koʻrsatish shoxobchalarini koʻzdan kechirdi. Shu yerda nuroniylar bilan muloqot boʻldi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.