Prezident Qonunchilik palatasi majlisida ishtirok etdi

0
36
marta koʻrilgan.

Toshkent shahrida 18 noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Majlisni Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxoʻjayev ochdi.

Oʻzbekiston Respublikasining davlat madhiyasi yangradi.

Birinchi majlisning Muvaqqat kotibiyati, Sanoq komissiyasi hamda Ovozlarni hisoblash elektron tizimidan foydalanishni nazorat qiluvchi muvaqqat guruh saylab olindi va kun tartibi tasdiqlandi. Markaziy saylov komissiyasi raisi Qonunchilik palatasiga boʻlib oʻtgan saylov yakunlari toʻgʻrisida axborot berdi.

Siyosiy partiyalar vakillari kengashi taklifiga binoan, deputatlar yashirin ovoz berish yoʻli bilan Nuriddin Ismoilovni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri etib sayladilar.

Shundan soʻng majlisga raislik qilish vakolati Spikerga oʻtdi. Spikerning oʻrinbosarlari ham saylandi. Beshta siyosiy partiyaning fraksiyalari roʻyxatga olindi, ularning kelishilgan takliflariga muvofiq Qonunchilik palatasida oʻnta qoʻmita tuzildi.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev maʼruza qildi.

Davlatimiz rahbari soʻzining boshida deputatlarni saylangani bilan tabriklab, bu xalqimizning yuksak ishonchi va hurmati ifodasi ekanini taʼkidladi.

Bu yilgi parlament saylovi yangilangan Konstitutsiyamizga muvofiq oʻtkazilgan ilk saylov sifatida tarixga kirgani alohida qayd etildi. Shuningdek, bu jarayon birinchi marta aralash saylov tizimida oʻtdi.

Saylovlar natijasida Qonunchilik palatasiga 150 nafar deputat saylandi. Ularning 57 nafari ayollar, 11 nafari 35 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlar boʻldi. Umuman, bu yil quyi palata tarkibi qariyb 60 foizga yangilandi.

Palataning soʻnggi besh yildagi faoliyatiga baho berildi. Bu davrda mamlakatimiz Konstitutsiyasi yangilandi. 130 dan ortiq yangi va yaxlit qonunlar qabul qilindi. Bu – oldingi davrga nisbatan 1,5 karra koʻp.

Prezident parlament eʼtiboridan chetda qolgan masalalarga ham toʻxtalib oʻtdi. Masalan, toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan va aniq ijro mexanizmlariga ega qonunlar ulushi kamligicha qolmoqda. Parlament va deputatlik nazorati kuchidan toʻla foydalanilmayapti. Deputatlarning saylov okrugidagi faoliyati asosan uchrashuvlar tashkil etish, shikoyat va savollarga rasmiy javob berish bilan cheklanib qolmoqda.

Davlatimiz rahbari Qonunchilik palatasi oldidagi yangi vazifalar haqida oʻz fikrlarini bildirdi.

Xususan, fuqarolik jamiyati institutlari bilan muloqotni kuchaytirish maqsadida har bir qoʻmita qoshida ularning vakillaridan iborat jamoatchilik kengashlari tuzish taklif etildi.

Parlament qoʻmitalari vazirliklar bilan ishlashda faqat nazorat va talab etish emas, balki ular bilan yaqindan hamkorlik qilishi muhim. Partiyaviy va fraksiyaviy intizomni mustahkamlash masalasi ham asosiy eʼtiborda boʻlishi kerak.

Prezident qonun ijodkorligi, avvalo, jamiyatdagi dolzarb masalalar yechimiga qaratilishi kerakligini taʼkidlab, qator qonunchilik tashabbuslarini ilgari surdi. Jumladan, eskirgan uylar oʻrnida zamonaviy turar joylar qurish, fuqarolarning uy-joy qurilishiga yoʻnaltirgan mablagʻlarini kafolatli himoya qilish, xususiy taʼlim va elektr energetikasi sohasida investorlarni qoʻllab-quvvatlash, majburiy tibbiy sugʻurta va sunʼiy intellektni qoʻllash, franchayzing, kapital bozori, “startap”lar sohasidagi munosabatlarning qonuniy asoslarini yaratish vazifasi qoʻyildi.

Gʻoyalar kurashini jonlantirish uchun parlamentdagi muxolifatga kafolatlangan huquqlari sonini 3 tadan 6 taga oshirish, 1 nafar qoʻmita raisi va 2 nafar qoʻmita raisi oʻrinbosari lavozimlarini kafolatli egallash, har chorakda “Hukumat soati” va parlament soʻrovi doirasida kamida bittadan masala kiritish kabi qoʻshimcha huquqlar berish taklif qilindi.

Parlament nazoratida keng koʻlamli, sifatli nazorat tizimiga oʻtish zarurligi taʼkidlandi. Xususan, yangilangan Konstitutsiyamizga koʻra, Davlat byudjeti ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatiga kiradi. Shu bois palataning bu boradagi ishini yanada kuchaytirish, jumladan, Hukumatning davlat byudjetiga doir barcha hisobotlarini palataga faqat Byudjet kodeksida belgilangan audit xulosasi bilan birgalikda kiritish amaliyotiga oʻtish kerakligi aytildi.

Davlatimiz rahbari investitsiya dasturlarini tayyorlashda deputatlar ham ishtirok etadigan, ularning fikri inobatga olinadigan tizim yaratish zarurligini taʼkidladi. Bundan tashqari, hududlarning moliyaviy imkoniyatlarini oshirish maqsadida kelgusi yildan er, mol-mulk va aylanma soliqlarini toʻliq, daromad soligʻining esa kamida 50 foizini tuman va shaharning oʻzida qoldirish taklif etildi.

Fuqarolarning tashabbuslarini faol qoʻllab-quvvatlash maqsadida Qonunchilik palatasi huzurida Jamoaviy tashabbuslar boʻyicha parlament komissiyasi tashkil etish haqida fikr bildirildi. 

Parlament diplomatiyasi – davlatimiz tashqi siyosatida muhim vosita. Bunday aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida quyi palatada qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uygʻunlashtirish, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga oʻtishni tezlashtirish masalalari boʻyicha parlament komissiyalari tashkil etish taklifi ilgari surildi.

Prezidentimiz oʻttiz yetti milliondan ortiq aholiga ega Oʻzbekistondek katta davlatning parlamenti aʼzosi boʻlish ulkan sharaf ekanini taʼkidladi.

– Deputat bu xalq xizmatchisi, barchaga oʻrnak boʻladigan, siyosiy bilimi va ongi yuksak, oʻz Vatanini chin dildan sevadigan insondir. Oila, mahalla va butun jamiyatda tinchlik, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, xalqaro maydonda Oʻzbekiston manfaatlarini qatʼiy himoya qilishda xalqimiz, barchamiz avvalo sizlarga tayanamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Majlisda siyosiy partiyalar fraksiya rahbarlari va deputatlar soʻzga chiqdi. Prezidentimiz fikrlarni qoʻllab-quvvatlab, deputatlarni jonkuyar va xalqparvar boʻlishga undadi.

– Siz joylardagi odamlarning vakili, xalqning ovozisizlar. Buyuk xalqimiz bildirgan ishonchga munosib boʻlishingiz kerak. Har bir masalaga yondashuvda, qonunlar ishlab chiqishda uzoq-yaqin tumanlardagi insonlarni koʻz oldingizga keltirib, faqat bugunni emas, kelajak avlodlarni ham oʻylab ish tutsangiz, elimiz sizdan rozi boʻladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Majlisda kun tartibidagi masalalar boʻyicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qarorlari qabul qilindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.