Prezident Qoʻqondagi yirik kimyo korxonasida boʻldi

0
25
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals” aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimizda kimyo sanoati jadal rivojlanmoqda. Soʻnggi besh yilda bu sohada mahsulot ishlab chiqarish hajmi qariyb 2 barobarga oshib, 45 trillion soʻmga yetdi. Xususan, yangi quvvatlar hisobiga mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish hajmi 17 foizga koʻpayib, yiliga 1,4 million tonnadan oshdi. Bunda samarali investitsiya loyihalari katta oʻrin tutmoqda.

Sobiq Qoʻqon superfosfat zavodi moliyaviy sogʻlomlashtirish va  diversifikatsiya qilish maqsadida 2019 yilda Singapurning “Indorama Holdings BV” kompaniyasiga investitsiya majburiyatlari bilan sotilgan edi. Uning negizida “Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals” korxonasi tashkil etildi. 70 million dollar xorijiy investitsiya jalb etilib, ishlab chiqarish texnologiyalari modernizatsiya qilindi. Ispaniya, AQSH, Xitoy, Hindiston, Turkiya va Rossiya davlatlarining yetakchi kompaniyalaridan zamonaviy uskunalar keltirib oʻrnatildi. Qoʻshimcha 150 ta ish oʻrni yaratildi.

2021 yilda modernizatsiya ishlarining birinchi bosqichi doirasida ammoniylashgan superfosfat, suvda tez eruvchan kompleks mineral oʻgʻitlar, azot-fosfor-kaliyli (NPK) mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Zavod quvvati yiliga 75 ming tonnadan 450 ming tonnaga yetkazildi. 

Xomashyolar mahalliy korxonalardan olib kelinadi. Masalan, fosforit uni Qizilqumdan, sulfat kislotasi Olmaliqdan, ammoniy sulfat Chirchiqdan, ammiak «Fargʻonaazot» va «Navoiyazot»dan keltiriladi.  Bu mahsulot tannarxini barqaror saqlash imkonini berayotir.

Yana bir muhim tomoni, modernizatsiya natijasida ishlab chiqarishga sarflanadigan elektr energiyasi va tabiiy gaz xarajatlarini 35-40 foizga qisqartirishga erishilgan. Bundan tashqari, atrof-muhitni ifloslantirmaslik uchun asosiy ishlab chiqarish sexlariga toʻrt bosqichli tozalash uskunalari oʻrnatilgan. Ilgari bu faqat ikki bosqichli boʻlgan.

Korxona yiliga 30 million dollar mahsulotni eksport qilish quvvatiga ega. Bugungi kunda MDH, Yevropa, Afrika va Osiyoning 16 davlatiga mineral oʻgʻitlar eksport qilinmoqda.

Davlatimiz rahbari zavod boʻylab yurib, ishlab chiqarish jarayonini koʻzdan kechirdi. Korxona yirik kimyo klasteriga aylanib, nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy namuna boʻlishi kerakligi taʼkidlandi. Zavod xodimlari uchun zamonaviy uy-joylar qurish, kelajakda maktab va shifoxona loyihalarini ham nazarda tutish boʻyicha fikr almashildi.

Korxona izchil rivojlanmoqda va keyingi bosqichlar boʻyicha ham ish olib borilmoqda. Ikkinchi bosqich doirasida 50 million dollar investitsiya oʻzlashtirildi. Shveysariya, Germaniya, Hindiston, Xitoy va Italiyadan zamonaviy texnologik uskunalar keltirib oʻrnatildi. Ushbu bosqichda yiliga 24 million dollarlik kaliy sulfat, sulfat kislotasi va ammoniy-xlorid oʻgʻitlari ishlab chiqariladi. 120 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Uchinchi bosqich ishlari 2025-2028 yillarda amalga oshiriladi. Unda mono va dikalsiy fosfat, kaliy-nitrat, azot-fosfor-kaliyli kompleks mineral oʻgʻit, kalsiy xlorid, mono ammoniy fosfat, mono kaliy fosfat ishlab chiqarish  yoʻlga qoʻyiladi. Loyiha qiymati – 100 million dollar. 235 ta ish oʻrni yaratiladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.