Prezident Qurolli Kuchlar Akademiyasiga tashrif buyurdi

0
382
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev Vatan himoyachilari bayrami arafasida, 10 yanvar kuni Qurolli Kuchlar Akademiyasiga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari bu yerga 2017 yil yanvar oyida kelib, harbiy taʼlimni takomillashtirish, oʻsha paytdagi Toshkent oliy umumqoʻshin qoʻmondonlik bilim yurti negizida mutlaqo yangi oʻquv muassasasi tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi. Koʻp oʻtmay, Prezidentning tegishli qarori qabul qilinib, bu yerda xorijning ilgʻor texnologiyalari va zamonaviy oʻquv vositalarini mujassam etgan Qurolli Kuchlar akademiyasi tashkil etildi. 2018 yil yanvarda Oliy Bosh Qoʻmondon mazkur yangilangan taʼlim maskani faoliyati bilan tanishgan edi. 

Bugun akademiya ham sharoit, ham mazmun jihatidan tubdan oʻzgargan. Auditoriyalar kompyuter texnikasi, oʻquv va laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlangan. Zamonaviy situatsion markaz, trenajyorlar tashkil etilgan. 

Oʻtgan yili bu yerda modernizatsiya ishlari davom ettirilib, yangi obyektlar qurildi. Kursantlarning oʻqishi va jangovar mashgʻulotlar oʻtashi, sport bilan shugʻullanishi uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratildi. 

Akademiya qoshida mamlakatimizning barcha harbiy taʼlim yoʻnalishidagi oliy va oʻrta maxsus bilim yurtlarida oʻquv jarayoni va ilmiy ishlarni muvofiqlashtiradigan Ilmiy-metodik kengash tuzildi. 

Prezidentimiz oʻquv muassasasi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha saʼy-harakatlar natijasi hamda foydalanishga topshirilgan zamonaviy taʼlim infratuzilmasi obyektlari bilan tanishdi.

Oʻquv binosida harbiy texnikaning asosiy namunalari boʻyicha dinamik kompyuter trenajyorlar imkoniyatlari namoyish qilindi, akademiya kursantlarining ixtirochilik va innovatsion ishlanmalari haqida maʼlumot berildi. 

– Barcha sohalar qatori harbiy taʼlim boʻyicha ham doimo zamon bilan birga qadam tashlashimiz, kerak boʻlsa, undan oldinda yurishimiz zarur. Harbiylarimiz, kursant va tinglovchilar eng ilgʻor, innovatsion bilim va koʻnikmalarni egallashi, soha boʻyicha dunyodagi yangiliklardan xabardor boʻlishi, doim izlanishi lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz kursantlarni mamlakatimiz hayotidagi muhim voqea – Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan tabrikladi. Oʻquv xonalari, yotoqxona va suzish havzasidagi sharoitlarni koʻzdan kechirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.