Prezident raisligida Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining kengaytirilgan hayʼat yigʻilishi boʻlib oʻtdi

0
138
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2018 yil 31 yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining kengaytirilgan hayʼat yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilish sohada amalga oshirilgan ishlar tahlili va Milliy xavfsizlik xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlarga bagʻishlandi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida. 

Yigʻilishda Oliy Majlis palatalari rahbarlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni vakillari, hukumat aʼzolari, shuningdek, MXX markaziy apparati va hududiy tuzilmalarining rahbar xodimlari ishtirok etdi.

Yigʻilishda alohida taʼkidlandiki, hamma zamonda har qanday davlatning eng asosiy vazifalaridan biri shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini taʼminlash boʻlgan va shunday boʻlib qoladi.

Aynan shuning uchun ham Oʻzbekistonda mustaqillikning birinchi kunlaridan milliy xavfsizlik masalalari mamlakatimiz ichki va tashqi siyosatining eng ustuvor yoʻnalishi etib belgilandi.

Xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, odam savdosi, narkotik moddalar va qurol-yarogʻ vositalarining noqonuniy savdosi kabi transmilliy tahdidlar kuchayib borayotgan bugungi kunda ushbu vazifalarga alohida eʼtibor qaratish yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Oʻtgan davrda Milliy xavfsizlik xizmati Oʻzbekiston suverenitetini, mustaqilligini va hududiy yaxlitligini saqlash hamda himoya qilish ishlariga salmoqli hissa qoʻshgani qayd etildi.

Bu, ayniqsa, bizning yaqin va uzoq yon-atrofimizda roʻy bergan turli inqirozlar, ayrim buzgʻunchi kuchlar tomonidan mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlikni izdan chiqarishga urinishlar sodir etilgan juda ogʻir yillarda yaqqol namoyon boʻldi.

Shu bilan birga, yigʻilishda Milliy xavfsizlik xizmatining faoliyati xolis baholangan holda,  uning ayrim boʻlinmalari va hududiy boshqarmalari faoliyati tanqid qilindi. Idoralararo hamkorlik, tezkor va qidiruv tadbirlarini oʻtkazish, shuningdek, kadrlar bilan ishlash borasida yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar aniq misollar bilan koʻrsatib oʻtildi.

Davlatimiz rahbari zamon talablaridan kelib chiqqan holda, Milliy xavfsizlik xizmatining tarkibiy tuzilishini qayta koʻrib chiqish kerakligini taʼkidladi. Maxsus xizmat doirasiga kirmaydigan vazifalar bilan shugʻullanadigan, boshqa davlat tuzilmalari faoliyatini takrorlaydigan boʻlinmalarni tugatish, ayni vaqtda milliy xavfsizlikning ustuvor yoʻnalishlarini taʼminlaydigan boʻlinmalarni mustahkamlash zarurligi koʻrsatib  oʻtildi.

Oʻzbekiston taraqqiyotining Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan keng koʻlamli vazifalardan kelib chiqqan holda, mamlakatimizning barcha sohalari davr talabi asosida tubdan isloh etilayotgan yangi sharoitda Milliy xavfsizlik xizmatining yaqin kelajakka moʻljallangan ustuvor vazifalari belgilab olindi.

Prezidentimiz Milliy xavfsizlik xizmati davlatning huquq-tartibot organlaridan biri sifatida oʻzining kundalik faoliyatini mamlakatimizning barcha vazirlik va idoralari uchun asosiy faoliyat mezoniga aylangan “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan tamoyil asosida tashkil etishi zarurligini alohida taʼkidladi.

Joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasining “Milliy xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida”gi qonuni ishlab chiqilishi va qabul qilinishi muhim ahamiyatga ega. Qonunda MXXning asosiy funksiya va vazifalari belgilab beriladi va, eng muhimi, uning qabul qilinishi bilan mamlakatimiz huquq-tartibot organlarining vakolat doiralari aniqlashtirib olinadi.

Har qanday jamoa, jumladan, MXX ish faoliyatining samarasi ham kadrlar, birinchi navbatda, uning rahbar xodimlariga, ularning oʻz burchiga sadoqati, professional darajasi, mehnatsevarligi va yuksak masʼuliyatiga bogʻliq, deb alohida qayd etdi Prezidentimiz.

MXX boʻlinmalari oʻzining vakolati doirasida xalqimizning muammolarini hal qilishga, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa davlat tashkilotlariga olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirish ishlariga yaqindan yordam berishi lozim.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti MXX oʻquv yurtlarining rahbarlari va professor-oʻqituvchilariga yosh kadrlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakat qonunchiligi talablariga ogʻishmay rioya etish, turli sinovlarga chidamli boʻlish, oʻz ustida muntazam ishlash va professional mahoratini uzluksiz oshirib borishga intilish kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratishni qatʼiy vazifa qilib qoʻydi.

Yigʻilishda tashkiliy masala koʻrildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi etib tayinlangani munosabati bilan Milliy xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatov egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan Respublika Bosh prokurori  lavozimida ishlab kelayotgan Ixtiyor Abdullayev Milliy xavfsizlik xizmati raisi etib tayinlandi.

Milliy xavfsizlik xizmati va uning boʻlinmalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish boʻyicha masʼul rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.