Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 dekabr kuni Raqamli texnologiyalar vazirligiga tashrif buyurdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Raqamli boshqaruv markazida “Oʻzbekiston–2030” strategiyasiga muvofiq amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti oʻtkazildi. Maʼlumki, bu strategiyada mamlakatimizni mintaqaviy “IT-NUB”ga aylantirish maqsadi belgilangan. Bu davlat boshqaruvi va sohalarni raqamlashtirish, aloqa infratuzilmasini yaxshilash, IT taʼlimni rivojlantirish kabi koʻp omillarni talab etadi.
Oxirgi yillarda ushbu yoʻnalishlarda katta oʻzgarishlar boʻldi. Axborot texnologiyalari subyektlari uchun yaratilgan sharoitlar va imtiyozlar natijasida bunday korxonalar va ish oʻrinlari soni, xizmatlar eksporti ortib bormoqda. Xususan, 2017 yilda yurtimizda IT kompaniyalar soni 147 ta boʻlgan boʻlsa, hozirda 1 ming 600 taga yetgan. Ish oʻrinlari ham qisqa vaqtda 10 baravar koʻpayib, 24 mingtadan oshgan. 2017 yilda 600 ming AQSH dollari boʻlgan eksport hajmi joriy yil yakuni bilan 300 million dollardan oshishi kutilmoqda.
My.gov.uz yagona portali orqali bugungi kunda 8 milliondan ortiq aholi va tadbirkorlar 570 turdagi onlayn xizmatdan foydalanmoqda.
Ijro intizomi yagona tizimi — ijro.gov.uz orqali davlat idoralari va ularning quyi boʻgʻinlari xodimlari tomonidan 28 millionta hujjat elektron ayriboshlangan.
Prezidentimiz bu tizim rahbarlarning ongi va masʼuliyatini oʻzgartirganini taʼkidlab, hujjatlar integratsiyasi va sifatini yaxshilash, ijro intizomi nazoratini kuchaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
2022 yilda BMTning Elektron hukumat reytingida mamlakatimiz 18 pogʻona yuqorilab, 69-oʻrinni egalladi. 2030 yilga borib, ushbu reytingda birinchi oʻttiztalikka kirish boʻyicha yillik chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Shuningdek, “Oʻzbekiston–2030” strategiyasida IT xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksporti hajmini 5 milliard dollarga yetkazish maqsadi belgilangan. Buning uchun hududlarda IT infratuzilmani va venchur bozorini rivojlantirish, “local to global” tamoyili orqali mahalliy korxonalarni eksportga olib chiqish, yurtimizda xalqaro kompaniyalarning ofislarini ochish kabi koʻplab choralar koʻzda tutilgan. Shu maqsadda ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish, IT-park hududida Angliya huquqini joriy etish, rezidentlar uchun soliq imtiyozlarini 2040 yilgacha uzaytirish, umuman, bu sohaga 100 yillik qulaylik yaratish boʻyicha takliflar muhokama qilindi.
Davlat rahbari mamlakatimizning axborot texnologiyalari, turizm, investitsiya salohiyatini mujassamlashtirgan yaxlit imijini yaratish boʻyicha koʻrsatma berdi.
Taqdimotda sohaga ixtisoslashgan taʼlim toʻgʻrisida ham axborot berildi. Soʻnggi 3 yilda IT oʻquv markazlari soni 300 dan oshdi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida taʼlim olib, sertifikatga ega boʻlgan yoshlar soni 1 million 200 ming nafarni tashkil etdi. Oʻtgan yildan boshlab xalqaro IT-sertifikatlarga oʻqish xarajatlarini 50 foizgacha qoplab berish yoʻlga qoʻyildi. 215 ming nafar yoshlar xalqaro onlayn kurslarni bitirib, sertifikat oldi.
Bularni davom ettirgan holda, kelgusi yildan boshlab, har yili 5 ming nafar iqtidorli yoshlarni saralash, oʻqitish hamda halqaro mehnat bozoriga tayyorlash tizimi joriy etiladi. Xorazm viloyatida “Al-Xorazmiy vorislari” loyihasida oʻqitish boshlanadi. Umuman, IT sohasida 300 ming nafar yoshlarni xalqaro kompaniyalar talabiga mos dasturlar asosida tayyorlash va ish bilan taʼminlash rejalashtirilgan.
Shu yerda kosmik geoaxborot tizimi orqali suv omborlari hamda yer qaʼridan foydalanish holatlarini monitoring qilish dasturi haqida maʼlumot berildi.
Prezident vazirlikning “UZINFOCOM” yagona integratori ofisida yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi, mutaxassislar bilan suhbatlashdi.
— Sizlar hozirgi islohotlarda bizning eng ishongan kuchimiz. Kelajakda sizdek mutaxassislarga ehtiyoj yanada oshadi. Har bir soha va hudud raqamli texnologiyalar bilan hamohang rivojlanmasa, mamlakat rivojlanmaydi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu yerda sunʼiy intellekt asosida biometrik identifikatsiya qilish, sogʻliqni saqlash sohasini raqamlashtirish, elektr taʼminoti billingi boʻyicha axborot berildi. Davlatimiz rahbari ijtimoiy sohalar, ayniqsa, tibbiyot sohasining raqamli tizimini takomillashtirish, odamlarni rozi qilish zarurligini taʼkidladi.
Prezidentimizga Samarqand viloyati Nurobod tumanida tashkil etilgan “IT Village” haqida soʻzlab berildi. Bu majmua 1-9 sinf oʻquvchilarini axborot texnologiyalari bilan tanishtirish va bunga qiziqtirish, ularga ilk koʻnikmalarni oʻrgatishga qaratilgan.
Davlatimiz rahbari bunday majmualarni barcha hududlarda barpo etish boʻyicha topshiriq berdi.