Davlatimiz rahbari Buxoro viloyati Romitan tumanidagi Qahramon mahallasida boʻlib, aholi turmushi bilan yaqindan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu yerda 3 ming 900 nafarga yaqin aholi yashaydi. Mahallaning drayveri hunarmandlik va issiqxona xoʻjaligi deyish mumkin. 200 gektar maydondagi issiqxonalarda bozorbop sabzavotlar yetishtirib sotiladi. Shuningdek, mebelsozlik, tikuvchilik, zardoʻzlik yaxshi rivojlangan.
Prezidentimiz shu yerlik Halil Qobilov va Gulbahor Toʻxtayevalar xonadonida boʻldi. Qoʻni-qoʻshnilar, oqsoqollar yigʻilib, samimiy davra qurildi.
Mahalla raisi hududdagi oʻzgarishlar, odamlar hayoti haqida soʻzlab berdi.
Mahallada oʻndan ortiq savdo doʻkoni, tikuvchilik ustaxonalari, mehmonxona va restoranlar bor. Ularda mahalliy yoshlar ishlab, daromad topmoqda. Umuman aytganda, mahallada ishsiz odam yoʻq, oʻtgan davrda bironta jinoyat sodir etilmagan.
“Obod mahalla” dasturi asosida infratuzilma yaxshilangan. Xususan, ichki yoʻllar asfaltlanib, pidyodalar yoʻlaklari qurilgan. Transformator oʻrnatilib, elektr tarmoqlari yangilangan.
— Odamlarga nima kuch beradi? Islohotlar natijasini oʻz hayotida koʻrish. Bugun odamlarimiz shunday ruh bilan ertangi kunga intilayapti. Harakat qilgan oilaning biri ikki boʻlyapti. Xalqimiz bizga katta ishonch bildirdi. Yanada oʻzgarishlarni, yangi tashabbuslarni kutayapti. Bu juda yuksak masʼuliyat, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uchrashuvda nuroniylar yoshlar tarbiyasi, tuman rivoji boʻyicha oʻz takliflarini bildirdi.