Prezident: Salohiyatni loyihaga, loyihani ish oʻrinlariga aylantirish kerak

0
110
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatini iqtisodiy rivojlantirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Tadbir boshida 6 ta yangi korxonani ishga tushirish marosimi boʻldi. Qarshi tumanidagi “Omad start”, Qarshi shahridagi “Kitob ip yigiruv”, Dehqonobod tumanidagi “Baxt tekstil”, Shahrisabz shahridagi “Oqsaroy tekstil” va “Pit-stop” korxonalari hamda mebel fabrikasi vakillari videoaloqa orqali majmualar salohiyati haqida axborot berdi.

Davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, yangi korxonalarni rasman ishga tushirdi.

Yigʻilishda, avvalo, viloyatda energiya taʼminotini yaxshilash choralari koʻrsatib oʻtildi.

Joriy yilda viloyatda elektr isteʼmoli 6,9 milliard kilovatt soatni tashkil etib, 310 million kilovatt taqchillik boʻlishi kutilmoqda. Shu bois, alohida qaror qabul qilinib, bu taqchillikni ortigʻi bilan qoplash boʻyicha ishlar boshlandi.

Xususan, Nishon va Chiroqchi tumanlarida 3 ta quyosh elektr stansiyasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Davlat idoralari, korxona va xonadonlarda 76 Megavattli quyosh panellari oʻrnatish imkoniyati bor. Elektr tarmoqlari yangilanib, energiya isteʼmoli yuqori qurilmalar almashtiriladi. Shuningdek, yiliga 2,2 milliard kilovatt sarflaydigan Qarshi magistral kanalining nasos stansiyalarida 6 chastotali boshqarish vositasi oʻrnatiladi.

Bu orqali shu yilda 50 million kilovatt, kelgusi yildan boshlab yiliga 175 million kilovatt elektr iqtisod qilinadi.

Yigʻilishdagi asosiy masala sanoatni rivojlantirish, tadbirkorlik va kasanachilikni qoʻllab-quvvatlashga oid boʻldi.

Soʻnggi besh yilda Qashqadaryoga 10 milliard dollar investitsiya jalb qilingan. Tadbirkorlar soni 2,5 baravar koʻpayib, qoʻshimcha 325 mingta doimiy ish oʻrni yaratilgan. Ilgari sanoati past boʻlgan 8 ta tumanda ishlab chiqarish 2-3 baravar oshib, viloyatdagi ulushi 36 foizga yetgan.

2023 yilda viloyatga 1,5 milliard dollar investitsiya jalb qilib, 440 ming aholini daromadli ish bilan taʼminlash belgilangan.

Davlatimiz rahbari bandlik masalasiga alohida eʼtibor qaratib, bu boradagi imkoniyatlarni koʻrsatib oʻtdi.

Xususan, viloyatda 80 ta mahallada 6 mingdan ziyod aholi kasanachilik bilan shugʻullanadi. Oʻzbekiston Prezidentining imzolangan qarori ular uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Jumladan, tadbirkorlarga har bir jalb qilingan kasanachi uchun 2 million soʻmgacha imtiyozli revolver kredit va 1 million soʻmgacha foizsiz ssuda beriladi. Kasanachilarga oʻzini oʻzi band qilib, soliq toʻlamasdan shugʻullanishga ruxsat etiladi. Kasanachilikka jalb qilingan ehtiyojmand fuqaroga ijtimoiy nafaqa 6 oy davomida toʻlab beriladi. Asbob-uskuna va xomashyo sotib olishga 9 million soʻmgacha subsidiya taqdim etiladi. Kasanachilarni jalb qilgan tadbirkor va klasterlar uchun foyda va aylanma soligʻi, davlat mulki ijarasi 2 baravar kamayadi.

Bular orqali Qashqadaryoda yana 150 ta mahallada qoʻshimcha 20 ming aholini kasanachi qilish mumkinligi qayd etildi.

Mahallalardagi bandlik va ijtimoiy masalalarni hal qilishda klasterlar faol boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.

Dehqonobod, Yakkabogʻ, Shahrisabz va Nishon tumanlarida suv taʼminotini yaxshilab, 10 ming aholini band qilish, Mirishkordagi 5 ming gektarli tabiiy koʻlda baliq yetishtirishni koʻpaytirish vazifalari aytib oʻtildi.

Sanoat zonalarida boʻsh turgan maydonlarda 50 ta loyihani amalga oshirib, 2 mingta ish oʻrni yaratish boʻyicha koʻrsatma berildi. Shuningdek, joylardagi “oʻsish nuqtalari”ga tadbirkorlarni jalb qilib, qoʻllab-quvvatlash zarurligi taʼkidlandi.

— Har bir tumanda salohiyatni loyihaga, loyihani ish oʻrinlariga aylantirish kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilganidek, Shahrisabz, Kitob, Qamashi va Yakkabogʻ tumanlari turizm salohiyatining yarmi ham ishga solinmagan. Buning uchun “Shahrisabz – Qarshi – Samarqand” yoʻnalishiga elektr poyezdi qoʻyib, yoʻlovchi oqimini oshirish vazifasi qoʻyildi. Bu turizm, savdo va servis rivojiga qoʻshimcha turtki boʻladi.

Yigʻilishda viloyat va tuman hokimlari, oqsoqollar, ziyolilar, tadbirkorlar oʻz takliflarini bildirdi.

Shuning bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryoga safari nihoyasiga yetdi.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.