Prezident Samarqand xalqaro aeroportidagi qurilish ishlarini koʻzdan kechirdi

0
96
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 aprel kuni Samarqand shahriga keldi. Ulkan bunyodkorlik ishlari bilan tanishuv Samarqand xalqaro aeroportidan boshlandi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbari 2019 yili viloyatga tashrifi chogʻida ushbu “havo bandargohi”ni modernizatsiya qilish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi.

Loyiha doirasida yangi terminal, uchish-qoʻnish yoʻlagi, turargoh va boshqa obyektlar barpo etilishi belgilangan. Bugungi kunda uzunligi 3105 va eni 60 metr boʻlgan uchish-qoʻnish yoʻlagi qurilishi tugallanib, yoritish-signal chiroqlari va aeronavigatsiya uskunalari oʻrnatilmoqda.

Prezident dastlab xalqaro aviatsiya standartlari asosida qurilgan uchish-qoʻnish yoʻlagini koʻzdan kechirdi.  

Yangi terminal zamonaviy dizaynga, bir soatda 800 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega boʻladi. Ilgari bu koʻrsatkich 400 nafar edi.

– Odamlarga qulaylik yaratish asosiy maqsad boʻlishi kerak. Buning uchun “aqlli texnologiyalar”ni qoʻllash, xizmatlarni arzon, sifatli, tezkor qilish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Turli kattalikdagi samolyotlar uchun 24 ta turargoh barpo etilmoqda. Shundan uchtasi “havo kemalari”ga muzlashga qarshi ishlov berish uchun moʻljallangan boʻladi.

Aeroportda kargo xizmati ham yoʻlga qoʻyiladi. Davlatimiz rahbari bu masalaga alohida toʻxtalib, yuk tashish raqobatbordoshligini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

– Kargo barqaror va manfaatli boʻlishi uchun doimiy yuk kerak. Buning uchun samolyotlarga xizmat koʻrsatish, yuklarni ortish va yetkazib berishni arzon va tez yoʻlga qoʻyib, boshqa aviakompaniyalarni jalb etish zarur. Bundan tashqari, viloyatda eksportbop meva-sabzavotlarni koʻpaytirib, ularni shu kargo orqali jahon bozoriga chiqarish mumkin, – dedi Prezident.   

Yangi aeroportni joriy yil sentyabrda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Shundan soʻng, u “ochiq osmon” rejimida toʻliq ishlay boshlaydi. 1000 kishi ish bilan taʼminlanadi.

Samarqand xalqaro aeroporti 1967 yilda qurilgan.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.