Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand davlat universitetining Biokimyo instituti faoliyati bilan tanishdi, duo oʻqildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bugungi kunda universitetda 25 mingdan ortiq talaba taʼlim oladi. Bu yerda toʻrtta – Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti, Muhandislik fizikasi instituti, Turkologiya ilmiy-tadqiqot instituti hamda Biokimyo instituti tashkil etilgan.
Biokimyo instituti joriy yilda universitetning biologiya va kimyo fakultetlari negizida ochildi. Buning uchun keng koʻlamli qurilish qilinib, yettita yangi bino qurildi. Jumladan, jami mingdan ortiq oʻringa ega 2 ta oʻquv binosi, majlislar zali, oranjereya-issiqxona, biologik tadqiqotlar laboratoriyasi – vivariy, botanik tadqiqotlar laboratoriyasi – gerbariy hamda talabalar oshxonasi barpo etildi.
Ahamiyatlisi, shu tariqa ikki yoʻnalish mutaxassislariga bir maydonda ilmiy izlanishlar olib borish imkoni yaratildi. Bu biologiya va kimyo yoʻnalishidagi innovatsiyalar integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqadi.
Davlatimiz rahbari institutdagi oʻquv xonalari, oranjereya, ilmiy laboratoriyalardagi sharoitlar bilan tanishdi. Professor-oʻqituvchilar bilan muloqot qildi.
Ular istiqbolda onkologik dori vositalarining kimyoviy transformatsiyasi asosida xavfli oʻsmalarga qarshi tanlab taʼsir etadigan yangi dori vositalarini yaratish rejasi haqida soʻzlab berdi.
Prezident institut olimlarini chet elda malaka oshirishga yuborish, farmatsevtika va kimyo mahsulotlarini ishlab chiqish, gʻoʻza, uzum, donning yangi navlarini yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Bugungi kunda Biokimyo institutida 8 ta taʼlim yoʻnalishida 2 ming 800 nafar talaba taʼlim olmoqda. Umuman, universitetda 12 ta ilmiy va 67 ta oʻquv laboratoriya bor.