Prezident Samarqanddagi bunyodkorlik ishlarini koʻzdan kechirdi

0
227
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 iyul kuni Imom Buxoriy qabrini ziyorat qildi. Qurʼon tilovat qilinib, duo oʻqildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Maʼlumki, bu ulugʻ bobomiz maqbarasi islom olami uchun tabarruk ziyoratgohlardan biri. Bugungi kunda majmua shunga munosib qilib qayta qurilmoqda. Qariyb 10 ming namozxonga moʻljallangan masjid, toʻrtta minora, ayvonlar barpo etilmoqda. Majmua yonida mehmonxonalar, avtoturargoh, avtobekat, oshxonalar, savdo rastalari, tahoratxonalar quriladi.

Davlatimiz rahbari shu boradagi ishlarni koʻzdan kechirdi, ziyoratchilarga barcha qulayliklarni yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

– Inshoolloh, bu majmua ochilganidan keyin ziyoratchilar yanada koʻpayadi. Ayniqsa, nuroniylar koʻp keladi. Ular uchun barcha qulayliklarni inobatga olish kerak. Bu joy nafaqat diniy va maʼrifiy, balki ulkan madaniy markaz ham boʻlishi zarur. Shu bois eng yaxshi gulchilarni olib kelib, majmuani qishin-yozin gulzor qilib qoʻyish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Butkul yangicha qiyofa kasb etayotgan majmua ziyorat turizmining yirik markazlaridan biriga aylanishi uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi, ulardan samarali foydalanish zarurligi taʼkidlandi.

 Prezidentimiz Samarqand tumanida barpo etilayotgan Turizm markazini ham borib koʻrdi.

Bu yerda 8 ta mehmonxona, kongress xoll, «Abadiy shahar» karvonsaroyi qurilmoqda. Eshkak eshish kanali tartibga keltirilib, atrofda bogʻ yaratilmoqda.

Umuman, ushbu majmua turizm sohasidagi barcha xalqaro standartlarga mosligi, eng zamonaviy xizmat koʻrsatish salohiyati bilan nafaqat Samarqand viloyati va mamlakatimiz, balki butun mintaqada turizm industriyasini yangi bosqichga koʻtaradi.

 Davlatimiz rahbari bu yerda yirik xalqaro anjumanlar oʻtkazish uchun zamonaviy sharoitlar yaratish, xalqimizning madaniyati, maʼrifati, milliy taomlarini namoyon etish boʻyicha tavsiyalar berdi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.