Oliy darajadagi tashriflar, xalqaro sammitlarning viloyatlarda oʻtishi mamlakat rivojini koʻrsatuvchi jihatlardan biri. Hududlar kompleks rivojlantirilayotgani natijasida soʻnggi yillarda bunday yirik tadbirlar turli shaharlarimizda oʻtkazilmoqda, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Yaqin oylarda Samarqandda bir nechta xalqaro darajadagi tadbirlar boʻlib oʻtadi. Ayni paytda ushbu anjumanlarga katta tayyorgarlik koʻrilmoqda.
Davlatimiz rahbari viloyatga tashrifi chogʻida ushbu jarayonni koʻzdan kechirdi.
Samarqand shahrida XIX asr oxiri — XX asr boshlariga oid obidalar koʻp. Alisher Navoiy hamda Shohruh koʻchalaridagi shunday tarixiy binolarda millatlararo doʻstlik va xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikka bagʻishlangan muzeylar tashkil etish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz bu rejalarni maʼqullab, muzeylarni mazmunan boyitish, hamkor mamlakatlar bilan yaqin munosabatlarni namoyon etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
23 avgust kuni Samarqand tumanida “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazi ochilgan edi. Bu majmua yirik xalqaro anjumanlarga mezbonlik qiladi.
Davlatimiz rahbari bu yerdagi Kongress xoll va mehmonxonalarda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Mehmonxonalarning ikkitasi 5 yulduzli va oltitasi 4 yulduzlidir. Kongress xollning umumiy maydoni qariyb 6 ming kvadrat metr. U 3 ming 500 kishini qabul qilish quvvatiga ega. Anjumanlar vaqtida ishlarni samarali muvofiqlashtirish uchun situatsion markaz ham tashkil etilgan.
Prezidentimiz bu yerda xorijiy delegatsiyalar, ikki tomonlama uchrashuvlar uchun qulayliklarni oshirish boʻyicha tavsiyalar berdi.
Shu bilan davlatimiz rahbarining Samarqand viloyatiga tashrifi yakunlandi, Prezident Toshkentga qaytib keldi.