Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifi doirasida «Shirin» massivining master rejasi taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu mahalla xalqaro aeroport yaqinida, Zarafshon daryosi boʻyida joylashgan. Soʻnggi yillarda Samarqandda amalga oshirilgan bunyodkorlikka munosib tarzda ushbu hududda zamonaviy massiv qurilishi rejalashtirilgan. Buning uchun 389 gektar yer ajratilgan.
Loyihaga koʻra, massivda koʻp qavatli uylar, maktab va bolalar bogʻchalari, poliklinikalar, sport maydonlari va koʻngilochar maskanlar boʻladi. Yirik biznes va savdo majmualari iqtisodiyot rivojiga, ish oʻrinlari koʻpayishiga qoʻshimcha impuls beradi. Massivni shahar bilan bogʻlovchi koʻprik va yoʻllar, infratuzilma va kommunikatsiya tarmoqlari barpo etiladi.
Davlatimiz rahbari loyihani ilgʻor shaharsozlik tajribasi asosida takomillashtirish, ijtimoiy xizmatlarni koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.