Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda yil yakuniga qadar amalga oshirilishi lozim boʻlgan asosiy vazifalar boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Soʻnggi yillarda viloyat izchil rivojlanmoqda. Lekin bu barcha tumanlarda mutanosib emas.
Masalan, hudud sanoatining qariyb yarmi Samarqand shahriga toʻgʻri keladi. Oʻtgan yetti oyda viloyatda 600 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya oʻzlashtirilgan. Lekin ularning 78 foizi Samarqand shahri, Kattaqoʻrgʻon, Pastdargʻom va Samarqand tumanlari hissasiga toʻgʻri kelgan. Soʻnggi besh yilda elektr isteʼmoli 1,5 baravarga oshgan. Qishloq xoʻjaligida hosildorlik, suvni tejash yetarli emas.
Shu kabi tahlillardan kelib chiqib, Prezidentimiz tadbirkorlik, investitsiya, sanoat, turizm sohalaridagi imkoniyatlarni koʻrsatib oʻtdi.
Mahallalarda tadbirkorlik va dehqonchilikni qoʻllab-quvvatlash, uzum va pista yetishtirishni koʻpaytirish, serqatnov yoʻllar boʻyida xizmat koʻrsatish sohasida aholini ishli qilish zarurligi taʼkidlandi.
“Urgut” erkin iqtisodiy zonasining 15 ta tumandagi hududi va viloyatdagi 106 ta sanoat zonasini infratuzilma bilan taʼminlash uchun shu yilning oʻzida 170 milliard soʻm ajratilgan. Lekin ularda 620 gektar yer boʻsh turibdi. Mutasaddilarga infratuzilma muammosini hal etib, ushbu maydonlarga tadbirkorlarni jalb etish boʻyicha topshiriq berildi.
Oqdaryo va Pastdargʻomdagi podstansiyalarni yangilash, yil yakunigacha Kattaqoʻrgʻon tumani va Samarqand shahrida quvvati 250 megavatt boʻlgan 2 ta quyosh elektr stansiyasini ishga tushirish vazifasi qoʻyildi.
Viloyatda turizm sohasida 20 mingta doimiy ish oʻrni yaratish va eksportni 500 million dollarga yetkazish imkoniyati borligi qayd etildi. Buning uchun jozibador dasturlarni koʻpaytirish, yoʻllarni va jamoat transportini qulay qilish zarurligi taʼkidlandi. Turizm salohiyati yuqori 100 ta mahalla va qishloqda “turizm ipotekasi” dasturi asosida yangi sayohat manzillari ochish boʻyicha koʻrsatma berildi.
— Odamlarimiz biz belgilab olgan juda katta vazifalarning ijrosini kutyapti. Har bir hokim hududidagi imkoniyatdan toʻgʻri foydalanib, mahsulot chiqarib, odamlarga ish oʻrni yaratmasa, buni chetdan kelib hech kim qilib bermaydi. Natijadorlikni har yili oshirib borish zarur. Qolgan toʻrt oy kelgusi yilga mustahkam zamin yasaydigan oylar boʻlishi kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar boʻyicha viloyat va tumanlar hokimlari, soha mutasaddilari axborot berdi.
Shu bilan davlatimiz rahbari Samarqand viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.