Shavkat Mirziyoyev Fargʻona viloyati saylovchilari bilan uchrashuvdan soʻng, Bagʻdod tumani Guliston mahallasida bunyod etilgan Madaniyat markazida sanʼat namoyandalari bilan suhbatlashdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
— Iqtisodiyot bilan birga madaniyatni rivojlantirishga ham harakat qilayapmiz. Fargʻona azaldan sanʼatkorlar vatani boʻlib kelgan. Qoʻqon teatri taʼmirlanib, zamonaviy sharoitlar yaratilgani, ulugʻ adib va sanʼatkorlar xotirasiga bagʻishlab muzey va maktablar tashkil etilgani xayrli boʻldi. Bugun saylovchilar bilan uchrashuvda Zokirjon Xolmuhammad oʻgʻli Furqat, Ashurali Zohiriy, Yusufjon qiziq Shakarjonov nomini abadiylashtirish, Sanʼatkorlar xiyobonini barpo etish, umuman, viloyatda madaniyatni rivojlantirish boʻyicha koʻplab fikrlar bildirdim. Agar sizlar qoʻllab-quvvatlab, oʻz hissangizni qoʻshsangiz, bu sanʼat rivojiga, yoshlar tarbiyasiga xizmat qiladi, deb oʻylayman, – dedi davlatimiz rahbari.
Qoʻqon teatrida adabiy muhitni yaxshilash, poytaxtdan isteʼdodli rejissyorlarni jalb qilib, asarlar saviyasini oshirish muhimligi taʼkidlandi. Fargʻona dorbozlik va askiyachilik anʼanalarini davom ettirish uchun Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutida alohida boʻlim tashkil etish taklifi bildirildi.
Prezident shu mahalladagi issiqxonani ham borib koʻrdi. Bu yerda “yoshlar daftari”ga kirgan 500 nafar yigit-qiz ish bilan taʼminlangan.
Davlatimiz rahbari ularning dehqonchiligi, daromadi, rejalari bilan qiziqdi.
Yoshlar issiqxonada asosan limonchilik bilan shugʻullanayotgani, qator oralariga bodring, pomidor, qalampir, sabzavotlar ekib, daromad olayotgani, buning samarasida oilasi “yoshlar daftari”dan chiqqani haqida soʻzlab berdi.
Yosh tadbirkor Zurxumor Mamajonova oilasiga mahalla hududida qurilgan uylardan bepul xonadon ajratilgani, issiqxonadan olayotgan daromadi orqali kelgusida yoshlarni tadbirkorlikka oʻrgatish niyatida ekanini aytib, Prezidentga minnatdorlik bildirdi.
– Yerga munosabat oʻzgaryapti, harakat qilsak, natija boʻladi. Bu sizlarga kichik boʻlsa ham, bir imkoniyat. Hali yana issiqxonalar quriladi, koʻplab korxonalar tashkil etayapmiz, ularga sizlarga oʻxshagan mehnatkash, bilimli yoshlar kerak. Hech qachon izlanishdan, oʻrganishdan toʻxtamanglar. Yoshlarning bilim olishi uchun Fargʻonada qoʻshimcha imkoniyatlar yaratamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.