Prezident shaharlarni obod qilish boʻyicha koʻrsatmalar berdi

0
160
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Fargʻona shahridagi Mustaqillik mavzesida barpo etilgan koʻp qavatli uy joylarni koʻzdan kechirdi.

Davlatimiz rahbarining 2016 yil 11 noyabrdagi «2017-2020 yillarda shaharlarda arzon koʻp qavatli uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga muvofiq oʻtgan yili bu mavzeda beshta 7 qavatli uy qurilib, foydalanishga topshirilgan edi. Ularda oilalarning yashashi uchun barcha zarur sharoit yaratilgan. Kvartiralar isitish qozoni bilan taʼminlangan, yoʻlaklarga zamonaviy liftlar oʻrnatilgan. 

Bugungi kunda mavzeda joriy yilga rejalashtirilgan 10 ta uy qurilishi jadal davom etmoqda. 2019 va 2020 yillarda bu yerda yana 19 koʻp qavatli uy qurilishi koʻzda tutilgan. Shuningdek, bu yerda umumtaʼlim maktabi, bogʻcha, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, koʻp qavatli avtoturargoh barpo etish moʻljallangan. 

Shu yerda dastlab Fargʻona shahrining Bosh rejasi haqida maʼlumot berildi. Qoʻqon va Margʻilon shaharlarini rivojlantirish, viloyatda ichimlik suv va oqova tarmoqlari, shaharlardagi koʻp qavatli uylarni isitish tizimini yaxshilash loyihalari taqdimoti oʻtkazildi. 

Prezidentimiz loyiha-takliflarni maʼqullab, qurilish ishlarini sifatli bajarish, shahar mavzelarini obod qilish, yangi turar joylarni jahon arxitekturasi yutuqlari asosida bunyod etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fargʻonaga ikki kunlik tashrifi nihoyasiga yetdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.