Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov “Koʻksaroy” qarorgohida tor doiradagi uchrashuv oʻtkazdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni samimiy qutlar ekan, ushbu uchrashuv Oʻzbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlari tarixida yangi sahifa ochishiga ishonch bildirdi.
– Ular zamirida azaldan mustahkam doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, ishonch va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash rishtalari yotadi, — dedi Oʻzbekiston Prezidenti.
Oʻzbekiston yetakchisi Turkmaniston Prezidentini joriy yil mart oyida oʻtgan Prezident saylovidagi gʻalabasi bilan yana bir bor tabrikladi.
– Donishmand turkman xalqi mamlakatdagi keng koʻlamli islohotlar davom ettirilishini toʻliq qoʻllab-quvvatlab, sizga oʻz kelajagini ishonib topshirdi. Sizning bilim va tajribangiz, kuch-gʻayratingiz va yetakchilik qobiliyatlaringiz koʻzlangan barcha rejalarni roʻyobga chiqarishga xizmat qilishiga shubha yoʻq, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, Oʻzbekiston Prezidenti Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning Oʻzbekiston bilan Turkmaniston oʻrtasidagi munosabatlarda yuksak darajaga erishishga va Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlashga qoʻshgan beqiyos hissasini qayd etdi.
Davlatimiz rahbari keyingi yillarda birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli ikki tomonlama hamkorlikning barcha yoʻnalishlarida ijobiy surʼatga erishilganini mamnuniyat bilan taʼkidladi.
– Shuni qayd etmoqchimanki, biz uchun Turkmaniston – mintaqadagi ishonchli va muhim hamkor. Bizning keng koʻlamli hamkorlikni yanada rivojlantirish borasidagi intilishimiz qatʼiy, eng yaqin qoʻshnimiz bilan strategik sheriklik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlash niyatidamiz, – dedi Prezidentimiz.
Turkmaniston Prezidenti mehmondoʻstlik va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisining salomini yetkazdi.
— Siz Gurbanguli Myalikguliyevich bilan birgalikda ikki tomonlama munosabatlarning poydevorini qurdingiz va mustahkamladingiz, hamkorlikning puxta siyosiy va huquqiy asosini yaratdingiz. Bu galgi davlat tashrifimiz strategik sheriklikka yangi surhat bagʻishlashga qaratilgan va men qoʻyilgan maqsadlarga erishishimizga ishonaman, — dedi Serdar Berdimuhamedov.
Uchrashuv chogʻida davlat rahbarlari Oʻzbekiston-Turkmaniston hamkorligining istiqbollarini muhokama qildilar, alohida eʼtiborni savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, oʻzaro savdoni koʻpaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish, transport-tranzit imkoniyatlaridan foydalanishga qaratdilar.
Tomonlar hududlararo hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda ulkan salohiyat mavjudligini qayd etdilar.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Markaziy Osiyoda qaror topgan ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklik muhitini mustahkamlash muhim ekani taʼkidlandi.
Serdar Berdimuhamedov Oʻzbekiston Prezidentini oʻziga qulay vaqtda Turkmanistonga javob tashrifi bilan kelishga taklif etdi.