Italiya Respublikasiga rasmiy tashrifning ishbilarmonlik tadbirlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Milan shahrida ushbu mamlakatning investorlari va yirik biznes vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Uchrashuvda Italiya tomonidan Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana, “Italiya — Oʻzbekiston” savdo palatasi prezidenti Jorjo Veronezi, shuningdek, Eni, Enel, Pietro Fiorentini, Saipem, Energy System, Imagro Group, HT Holding, Danieli, SACE, Ferroli Group, Arsenale Group, Pirelli kabi yetakchi kompaniya va korporatsiyalar, uyushma va moliyaviy institutlarning 25 nafardan ziyod rahbarlari ishtirok etdi.
— Jahon sivilizatsiyasining qadimiy beshiklaridan biri, boy madaniy meros va yuqori texnologiyalar markazi, rassom va shoirlarning bir necha avlodi uchun ilhom manbai boʻlgan betakror yurtingizga bu mening birinchi tashrifim, — dedi Prezident tadbir avvalida. – Uchrashuvimiz aynan Milanda – faol ishbilarmonlik jarayonlari qizgʻin kechayotgan, innovatsiya va texnologiyalar kashf etilayotgan, sanoatning yangi tarmoqlari rivojlanayotgan zamonaviy iqtisodiy markazda oʻtayotgani ramziy maʼnoga ega.
Keyingi yillarda Oʻzbekiston bilan Italiya oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Mamlakatimizda Italiya sarmoyasi ishtirokidagi zamonaviy korxonalar soni ikki karra koʻpaydi. Oʻzaro savdo hajmi izchil oshib bormoqda. Elektrotexnika, metallurgiya sohalarida hamda infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha qator qoʻshma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari kuni kecha Italiya Prezidenti Serjo Mattarella va Bosh vaziri Jorja Meloni bilan oʻtkazilgan muzokaralar sermahsul va konstruktiv boʻlganini qayd etdi.
– Mohiyatan, biz mamlakatlarimiz munosabatlarini strategik sheriklik darajasiga koʻtarib, ularning tarixida yangi bosqichni boshladik. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga, biznes uchun qulay sharoitlar yaratishga, qoʻshma loyihalarni moliyalashtirishning moslashuvchan mexanizmlarini joriy etishga, tashabbuslarimizni qoʻllab-quvvatlashga kelishib oldik. Shuningdek, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun yoʻnalishlarni belgilab oldik, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Erishilgan barcha kelishuvlar ijrosiga aynan Italiya biznesi vakillari katta hissa qoʻshishga qodir. Qolaversa, tashrifdan avval ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining qariyb 300 nafar vakili ishtirokida oʻtkazilgan qoʻshma biznes-forum Italiya sarmoyadorlarining Oʻzbekistonga qiziqishini tasdiqladi.
Ushbu tadbir yakunida umumiy qiymati 9 milliard yevrodan ziyod boʻlgan bir qator yangi investitsiya kelishuvlari va savdo bitimlari imzolandi. Ular energetika, gaz-kimyo va neft-gaz tarmogʻi, metallurgiya, kimyo, toʻqimachilik sanoati va qishloq xoʻjaligida katta kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutadi.
Uchrashuv davomida davlatimiz rahbari jahon iqtisodiyotidagi jiddiy tebranishlar va global yetkazib berish zanjirlari buzilishi sharoitida ishonch va hurmat tamoyillariga asoslangan konstruktiv, ochiq muloqot muhimligini qayd etib, Oʻzbekiston Italiya biznesiga yurtimizda faoliyat yuritishi uchun keng qoʻllab-quvvatlash choralari va samarali maydon taqdim etishga tayyorligini bildirdi.
Prezidentimiz Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlarga alohida toʻxtaldi. Erkin bozor mexanizmlarini joriy etish, sogʻlom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, samarali davlat boshqaruvi tizimini joriy etish borasida qilinayotgan izchil ishlar hamda biznes yuritish uchun maksimal qulayliklar yaratishga qaratilgan boshqa ijobiy oʻzgarishlar qayd etildi.
— Bugun bizda biznesingiz rivoji va ravnaqi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Barqarorlik, ishonchli kafolatlar, qulay investitsiya muhiti taʼminlangan. Har biringizni Yangi Oʻzbekiston – haqiqatan cheksiz imkoniyatlarga ega betakror mamlakat ekanligiga ishonch hosil qilish uchun yurtimizga kelishni taklif qilaman, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Qayd etilganidek, Oʻzbekistonning boy tabiiy resurslari va malakali kadrlarini Italiyaning texnologik va sanoat salohiyati bilan birlashtirishdan hosil boʻladigan sinergiya qoʻshilgan qiymatli mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqarish va ularni uchinchi mamlakatlar bozoriga eksport qilish imkonini beradi.
Shu maʼnoda, energetika, oziq-ovqat va toʻqimachilik sanoati, qishloq xoʻjaligi, kimyo va avtomobilsozlik, elektrotexnika va koʻplab boshqa sohalar hamkorlik uchun istiqbolli ekani taʼkidlandi.
Sheriklikni kengaytirish boʻyicha rejalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Italiya ishbilarmon doiralari vakillari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini yuqori baholab, ular uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilayotganini taʼkidladilar.
Oʻzbekiston Italiya kompaniyalari uchun istiqbolli Markaziy Osiyo mintaqasi bilan ishlash imkoniyatlarini ochadigan strategik hamkor ekani qayd etildi.
Italiya tadbirkor va sarmoyadorlari Oʻzbekistonda oʻzaro manfaatli qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, bunda yuqori texnologiyalar va innovatsion yechimlarni joriy qilish boʻyicha aniq taklif va rejalarini bayon qildilar.
Misol uchun, Lombardiya viloyati bilan hududlararo hamkorlik dasturlarini kengaytirish, Oʻzbekistonda gaz taqsimoti tizimini va Toshkent shahrida elektr taqsimot tarmoqlarini modernizatsiya qilish, Toshkent issiqlik elektr stansiyasini texnologik jihatdan qayta jihozlash, bir qator zavodlar qurish, shu jumladan chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish, kaliy xlorni tozalash, kaliy gidroksidi, qurilish materiallari, qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, zaʼfaron plantatsiyalarini kengaytirish, “Oʻzmetkombinat” AJ ishlab chiqarish quvvatini oshirish, Turin politexnika universiteti bilan birgalikda Italiya texnologiya va innovatsiyalari markazini tashkil etish va boshqa loyihalar toʻgʻrisida soʻz yuritildi.
Bundan tashqari, sanoat uchun kadrlar tayyorlash yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Oʻzbekiston yetakchisi uchrashuvda aytilgan har bir tashabbusni kompleks “yoʻl xaritasi”ga kiritishga koʻrsatma berdi. Oʻzbekiston vazirlik va idoralari rahbarlariga italiyalik hamkorlarga mamlakatimizdagi joriy va yangi loyihalarini amalga oshirishda har tomonlama koʻmaklashish topshirildi.