Davlatimiz rahbari 2017 yil 2-3 iyunda Andijon viloyatiga tashrifi chogʻida Andijon shahrida Muhammad Yusuf nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etish taklifini bildirgan edi. Shunga muvofiq oʻsha yili iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilinib, 11 dekabrda mazkur maktab ochilgan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon shahridagi Muhammad Yusuf nomidagi maktab-internatga tashrif buyurdi.
Maktab oldida shoir byusti oʻrnatilgan xiyobon barpo etilgan. Bilim dargohida umumtaʼlim fanlari bilan birga, ona tili va adabiyotni chuqur oʻrganish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Sinfxonalar, kutubxona, sport zali, yotoqxona zamonaviy jihozlangan. Bugungi kunda bu yerda 150 nafar iqtidorli yigit-qiz taʼlim olmoqda.
Shavkat Mirziyoyev Muhammad Yusufning hayoti va ijodiga bagʻishlangan moʻjazgina muzeyni koʻrdi. Maktab oʻquvchilari shoir sheʼrlaridan namunalar oʻqib berdi.
– Muhammad Yusuf halqimiz sevgan samimiy shoir, vatanparvar inson edi. Sizlar uning munosib davomchilari boʻlishingiz kerak. Buning uchun bir daqiqayam vaqtlaringizni bexuda oʻtkazmay, koʻproq oʻqib, tarixga uygʻoq boqib kamolga yetishlaringiz zarur. Eng katta boylik – maʼnaviy boylikdir, — dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarga maktab-internat oʻquvchilari uchun avtobus ajratish, boshqa viloyatlardagi ijod maktablariga borib, tengdoshlari bilan muloqot qilishiga koʻmaklashish, viloyat televideniyesida oʻquvchilar ishtirokida koʻrsatuvlar tayyorlash boʻyicha topshiriq berdi.
Prezidentimizning Andijon viloyatiga tashrifi yakunlandi.