Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kunning ikkinchi yarmida Berlindan Myunxen shahriga keldi. Oʻzbekiston delegatsiyasini Bavariya hukumati va jamoatchilik vakillari kutib oldi. Davlatimiz rahbari Bavariyada oʻqiyotgan, ishlayotgan oʻzbekistonlik yoshlar bilan suhbatlashdi.
— Germaniyaga tashrif davomida juda katta kelishuvlarga erishildi. Sizlar bu yerda oʻqib, zamonaviy bilimlarni egallab Oʻzbekistonning yanada taraqqiy etishiga oʻz hissalaringizni qoʻshasizlar, deb ishonaman, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari 22 yanvar kuni Bavariya Bosh vaziri Markus Zyoder hamda Germaniyaning yetakchi ishbilarmon va moliyaviy doiralari vakillari bilan uchrashadi.