Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 yanvar kuni soat 11:00 da Oliy Majlisning Senati va Qonunchilik palatasiga navbatdagi Murojaatnomani taqdim etadi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Maʼlumki, 2019 yil 22 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatligiga saylov boʻlib oʻtdi. Bu muhim siyosiy tadbir mamlakatimiz tarixida ilk bor qabul qilingan Saylov kodeksi asosida, “Yangi Oʻzbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida oʻtdi.
Saylov natijalariga koʻra, Markaziy saylov komissiyasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 150 nafar deputati va Senatining 97 nafar aʼzosini roʻyxatga oldi, jumladan, Prezidentning 2020 yil 17 yanvardagi farmoni bilan Senat aʼzolarining 13 nafari tayinlandi. Shu tariqa, mamlakatimiz qonun chiqaruvchi hokimiyatining yangi tarkibi shakllandi.
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga navbatdagi Murojaatnomasi ana shu yangi parlamentga taqdim etiladi.
Ushbu nufuzli anjuman Xalqaro kongress markazida boʻlib oʻtadi. Unda Oliy Majlis Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, videokonferensiya aloqa tizimi orqali tuman, shahar va viloyatlardagi mahalliy Kengashlarga saylangan xalq noiblari, shuningdek, ijro hokimiyati va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlari, nodavlat tashkilotlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etadi.