Nukus shahrida 26 avgust kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining navbatdan tashqari oʻttiz toʻrtinchi sessiyasi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Uni Joʻqorgʻi Kenges Raisining oʻrinbosari Atabek Davletov olib bordi. Sessiyaning kotibiyati saylanib, kun tartibi tasdiqlandi. Unga koʻra, ikkita tashkiliy masala koʻrildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Murat Kamalov betobligi sababli vakolat muddatini oldindan toʻxtatish boʻyicha ariza bilan murojaat qilgan.
Bu masala ovozga qoʻyildi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasining 83-moddasiga muvofiq, Joʻqorgʻi Kenges Raisi Murat Kamalovning vakolat muddatini oldindan toʻxtatish va egallab turgan lavozimidan ozod etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Sessiyada Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisini saylash masalasi ham koʻrib chiqildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, bu lavozimga nomzod deputatlardan iborat Oqsoqollar kengashi tomonidan tavsiya etiladi. Shu bois Oqsoqollar kengashi tuzildi.
Kengash aʼzolari maslahatlashib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi lavozimiga Orinbayev Amanbay Tleubayevich nomzodini tavsiya etdi.
Sessiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari oʻz soʻzida Prezident sifatida 6 yil davomida boshqa hududlarga nisbatan eng koʻp, yaʼni 9 marta Qoraqalpogʻistonga kelib, bu yerdagi oqsoqollar, tadbirkorlar, yoshlar vakillari bilan koʻp-koʻp muloqot qilganini taʼkidladi.
Ushbu davrda Qoraqalpogʻistonni kompleks rivojlantirishga qaratilgan 31 ta farmon va qarorlar qabul qilindi. Hududda tadbirkorlik subyektlari soni 2 barobarga ortdi, qariyb 4,5 mingta investitsiya loyihalari ishga tushirildi.
Qoraqalpogʻistonda ichimlik suv taʼminoti 40 foizdan 68 foizga, maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasi 32 foizdan 76 foizga, aholi daromadlari jon boshiga 2 barobarga oshdi. 2017-2021 yillarda 26 ming 400 ta turar-joylar barpo etildi.
Ammo shuncha saʼy-harakatlarga, Qoraqalpogʻistonga ajratilayotgan katta-katta mablagʻlarga qaramay, ichimlik suvi, ichki yoʻllar, elektr taʼminoti, ishsizlik, narx-navo kabi maslalarda muammolar saqlanib qolayotgani tanqid qilindi.
Davlatimiz rahbari nomzodni lavozimga tasdiqlashdan avval uning muammolarni hal qilish va hududni rivojlantirish boʻyicha rejalarini eshitishni taklif qildi.
Nomzod Qoraqalpogʻistonda tadbirkorlikni, agrar sohani va infratuzilmani rivojlantirish, sanoat loyihalarini koʻpaytirish, aholini ijtimoiy himoya qilish, taʼlim va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha takliflarini bayon etdi.
Prezidentimiz bu takliflarni maʼqullab, ularni amalga oshirish uchun faqat Qoraqalpogʻiston uchun foyda soligʻi, aylanma soliq, mol-mulk va yer soligʻi stavkalarini 2 barobar qisqartirishga koʻrsatma berdi.
Paxta va gʻalla maydonlarini qisqartirib, har bir oilaga 2 gektardan yer ajratish, Nukus shahrida sanoat texnoparki va tumanlarda tadbirkorlik zonalari tashkil etish, yoʻllarni taʼmirlash, elektr, gaz va suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Amanbay Orinbayevning rahbarlik qobiliyati, vatanparvarligi va insoniy fazilatlarini hisobga olib, uning nomzodiga oʻz roziligini bildirdi.
— Sizning bittayu bitta vazifangiz — xalqni rozi qilish. Har bir tuman, qishloq va ovullarga kirib borib, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish kerak, — dedi davlatimiz rahbari.
Joʻqorgʻi Kenges deputatlari, jamoatchilik vakillari soʻzga chiqib, nomzodni qoʻllab-quvvatladi.
Sanoq komissiyasi tuzildi. Yashirin ovoz berish yoʻli bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi lavozimiga Amanbay Orinbayev saylandi.
— Mana, yuksak ishonch, katta umidlar bilan yangi Rais sayladik, — dedi Prezident. — Endi u adolat, sadoqat, masʼuliyat va tartib-intizomni oʻz faoliyatiga mezon qilib olishi kerak. Xalqimiz bagʻrikeng. Vatan yagona! Birlashsakkina oldimizga qoʻygan ulkan-ulkan marralarga albatta yetamiz.
Shu bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi sessiyasi yakunlandi.