Bugun mamlakatimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari kengashlariga saylovlar boʻlib oʻtmoqda, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oila aʼzolari bilan birgalikda poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 59-saylov uchastkasiga tashrif buyurib, ovoz berishda ishtirok etdi.
Mamlakatimiz Konstitutsiyasining 128-moddasida fuqarolar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga ega ekani belgilangan. Ovoz berish huquqi, oʻz xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlangan.
Saylovda beshta: Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Ekologik partiya, Xalq demokratik partiyasi hamda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi ishtirok etmoqda. Bu muhim voqea “Mening tanlovim – obod Vatanim” shiori ostida, rivojlangan ijtimoiy-siyosiy muhitda oʻtmoqda.
Oʻzbekiston tarixida ilk bor Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlari aralash saylov tizimi, yaʼni majoritar-proporsional tizim asosida oʻtkazilmoqda. Deputatlarning 75 nafari bevosita majoritar tizim asosida, yaʼni saylovchilar oʻzlariga maqbul nomzodlarga ovoz berishi yoʻli bilan, qolgan 75 nafari esa proporsional tizim boʻyicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida saylanishadi.
Saylov qonunchiligi ilgʻor demokratik standartlarga mos ravishda tubdan takomillashtirildi. Jumladan, saylov organlarining Markaziy saylov komissiyasi boshchiligidagi yangi tizimi joriy etildi, jamiyat hayotida xotin-qizlarning rolini oshirish maqsadida siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar koʻrsatishda ayollarning ulushi kamida 40 foiz boʻlishi belgilandi.
Bu yilgi saylovlarning yana bir eʼtiborli jihati – jarayon ishtirokchilarining oʻzaro munosabatlari toʻliq raqamlashtirilgan holda “E-Saylov” axborot tizimi orqali amalga oshirilganida namoyon boʻldi. Mazkur tizim saylovlarning ochiqligini yuqori bosqichga olib chiqdi.
Barcha saylov uchastkalarida qonunchilikda belgilangan sharoitlar yaratilgan. Joylarda 5 ming 770 ta okrug va 11 ming 28 ta, jumladan, 40 ta xorijiy mamlakatda 57 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan.
Uni kuzatishda MDH, ShHT, Turkiy davlatlar tashkiloti, shuningdek, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining toʻlaqonli missiyasi tarkibida 850 nafardan ziyod xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar ishtirok etmoqda.
Davlatimiz rahbari saylov uchastkasiga kelgan odamlar bilan suhbatlashdi. Oʻz yurti va yashayotgan hududi taqdiriga daxldorligini his qilib, saylovlarda faol qatnashayotgan fuqarolarga minnatdorlik bildirdi.