Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz uch yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi

0
88
marta koʻrilgan.

Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!

Muhtaram mehmonlar!

Xonimlar va janoblar!

Siz, azizlarni, koʻp millatli xalqimizni bugungi ulugʻ ayyom bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga oʻzimning yuksak hurmatim, ezgu tilaklarimni izhor etishdan baxtiyorman.

Mustaqillik bayrami barchamizga muborak boʻlsin!

Qadrli doʻstlar!

Mana shu hayajonli daqiqalarda hammamiz milliy istiqlolimiz naqadar bebaho neʼmat ekanini, uning tarixiy ahamiyatini yanada chuqur his etmoqdamiz.

Aynan mustaqillik tufayli milliy davlatchiligimiz qayta tiklandi. Oʻzbekiston yangi tarixiy davrga qadam qoʻydi. Aynan istiqlol tufayli Jahon hamjamiyatidan munosib oʻrin egalladik.

Bu bilan har qancha faxrlansak, gʻururlansak arziydi.

Shunday qutlugʻ kunda Oʻzbekiston mustaqilligi uchun kurashgan vatanparvar ajdodlarimiz xotirasini minnatdorlik bilan yodga olishimiz tabiiy, albatta.

Ular – oʻz xalqini taraqqiyot sari boshlagan jadid bobolarimiz, milliy ozodlik yoʻlida jon fido etgan ulugʻ ajdodlarimizdir. Ular – gʻoyat ogʻir sharoitda ham milliy istiqlol va hurriyat gʻoyalariga sodiq qolgan qahramonlarimizdir. Bugun ularning ezgu gʻoya va tamoyillariga tayanib, yangi hayot, yangi jamiyat poydevorini yaratmoqdamiz.

Bu fidoyi zotlarning nomlarini hech qachon unutmaymiz!

Ularning xotirasi qalbimizda, yuragimizda hamisha yashaydi!

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Keyingi yillarda Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida ulkan qadamlar qoʻydik. Har bir ishimiz, har bir yutugʻimizda istiqlolning buyuk qudrati yorqin namoyon boʻlmoqda.

Vatanimiz dunyoga, dunyo esa yurtimizga keng ochilmoqda. Mintaqamiz va butun jahonda doʻstlarimiz, hamkorlarimiz koʻpaymoqda.

Soʻnggi 7 yilda Oʻzbekiston tashabbuslari asosida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 10 dan ziyod, jumladan, joriy yilda 4 ta maxsus rezolyusiya qabul qilindi.

Jahon banki bu yil mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 5,3 foizga oʻsishini prognoz qildi. Koʻplab davlatlar bilan solishtirganda bu ancha yuqori koʻrsatkichdir. Xalqaro valyuta jamgʻarmasi eʼtirof etganidek, 2023 yilda yalpi ichki mahsulotimiz ilk bor 100 milliard dollardan oshdi.

Barcha islohotlarimizning ruhi va mazmuniga “Inson qadri uchun, el-yurt baxti uchun!” degan ezgu gʻoya chuqur kirib bormoqda.

Iqtisodiy yutuqlarimiz joriy yil sentyabr oyidan pensiya va nafaqalar miqdorini, oktyabr oyidan esa byudjet xodimlari, shifokorlar va pedagoglar maoshini oshirish imkonini bermoqda.

Odamlarimizda hayotdagi muammolar yechimiga daxldorlik hissi, faol fuqarolik pozitsiyasi kuchaymoqda. Aholimiz “Tashabbusli byudjet” loyihasida faol qatnashib, mahallalar hamda ijtimoiy obyektlarni moliyalashtirishni mustaqil hal etmoqda. Oʻtgan davrda yurtdoshlarimiz maʼqullagan 13 mingdan ortiq loyihalar uchun 11 trillion soʻm mablagʻ ajratilgani ham buni tasdiqlaydi.

Ekologiyani asrash, tabiiy resurslarni tejab ishlatish, jumladan, suvdan oqilona foydalanish boʻyicha zamonaviy tizimlarga oʻtish ishlarini kuchaytirdik.

Mamlakatimizda “Yashil makon” dasturi davom etmoqda. Ayniqsa, Orol dengizi tubini koʻkalamlashtirish ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, ushbu loyiha mintaqa boʻylab chang va tuz tarqalishining oldini olishga yordam bermoqda.

Muhtaram yurtdoshlar!

Bugungi kunda navqiron farzandlarimiz Yangi Oʻzbekiston ravnaqiga munosib hissa qoʻshmoqda.

Buning tasdigʻi yaqinda Parijda boʻlib oʻtgan XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlarida yana bir bor yaqqol namoyon boʻldi. Azmu shijoatli oʻgʻil-qizlarimiz dunyodagi eng yirik sport anjumanida 8 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza medalni qoʻlga kiritdilar.

Ayniqsa, mard va jasur bokschilarimiz Bahodir Jalolov, Hasanboy Doʻsmatov, taekvondochi oʻgʻlonimiz Ulugʻbek Rashitov ikki marta olimpiya chempioni degan yuksak sharafga sazovor boʻldilar. Ular milliy sportimiz tarixida shonli sahifa ochdilar.

Hech shubhasiz, olimpiya chempionlari Diyora Keldiyorova, Lazizbek Mullajonov, Abdumalik Xaloqov, Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev, Razambek Jamalov, kumush medal sovrindorlari Svetlana Osipova, Akbar Joʻrayev, bronza medal sohiblari Alisher Yusupov, Muzaffarbek Toʻraboyev va Gʻulomjon Abdullayev ham Parij maydonlarida chinakam qahramonlik namunasini koʻrsatdilar.

Oʻzbekiston tarixida tom maʼnoda rekord natijalar, mislsiz yutuqlarga erishgan gʻolib va muzaffar sportchilarimizga shon-sharaflar boʻlsin!

Albatta, Parij maydonlarida qoʻlga kiritilgan barcha yutuq va natijalar olimpiyachilarimizning xalqimizga munosib bayram sovgʻasi boʻldi.

Fursatdan foydalanib, Parij Olimpiadasida Vatanimiz bayrogʻini baland koʻtargan mohir sportchilarimizni, ularning ota-onalari va ustoz-murabbiylarini oʻz nomimdan, xalqimiz nomidan yana bir bor chin dildan qutlayman.

Shu kunlarda Parijdan yana ketma-ket quvonchli xabarlar kelmoqda. Paralimpiyachi oʻgʻil-qizlarimiz ham xalqimiz uchun Mustaqillik bayramiga munosib sovgʻalar hadya etishmoqda.

Mahoratli sportchilarimiz Asila Mirzayorova, Qudratulla Maʼrufxoʻjayev, Elbek Sultonov oltin medallarni, matonatli farzandlarimiz Ziyodaxon Isoqova, Kubaro Hakimova kumush medallarni, Muslima Odilova, Tolibboy Yoʻldoshev, Mohigul Hamdamova esa bronza medallarini qoʻlga kiritdilar.

Mana, bizning qanday qahramonlarimiz, qanday oʻtyurak pahlavonlarimiz bor! Ularga tahsin va tasannolar boʻlsin!

Ana shu jasur va fidoyi farzandlarimizni chin dildan qutlab, bunday yutuqlardan ruhlangan sportchilarimiz albatta yanada yuksak marralarni egallaydilar, yurtimizga albatta katta-katta gʻalabalar bilan qaytadilar, deb ishonamiz.

Hurmatli doʻstlar!

Bugungi nihoyatda murakkab va tahlikali davr oldimizga yangi-yangi sinov va muammolarni koʻndalang qilib qoʻymoqda. Lekin hayot qanchalik mashaqqatli boʻlmasin, mamlakatimizda demokratik islohotlarni izchil davom ettirib, xalqimizni rozi qilishga, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Qurolli Kuchlarimizni zamonaviy qurol-yarogʻ va texnika bilan taʼminlash, ularning jangovar va maʼnaviy salohiyatini oshirishga bundan buyon ham ulkan eʼtibor qaratamiz.

Lekin tinchlikni saqlash faqat harbiylarimizning ishi boʻlib qolmasligi kerak. Bu barchamizning, har bir Oʻzbekiston fuqarosining muqaddas burchi boʻlishi shart.

Yurtning kuchi – birlikda, qadri esa tinchlikdadir!

Muhtaram vatandoshlar!

Hozirgi kunda Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda asosiy eʼtiborni beshta ustuvor yoʻnalishga qaratmoqdamiz.

Bular, avvalo, sifatli taʼlim tizimini yoʻlga qoʻyish, biznesni rivojlantirish, korrupsiyadan xoli, adolatli sud tizimini yaratish, sogʻliqni saqlash sohasini tubdan yaxshilash, ekologik barqarorlikni taʼminlashdan iborat.

Muammolarimizning yechimi, savollarimizning javobi faqat va faqat taʼlimda. Hamma eshiklarni ochadigan kalit ham – faqat va faqat taʼlim va tarbiyadir.

Shu sababli maktab taʼlimini isloh qilish boʻyicha katta dastur qabul qildik. Maktablarimizda avvalo ona tili va adabiyotni chuqur oʻrgatishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Farzandlarimizga chet tillaridan sifatli taʼlim berish maqsadida xorijiy til egalarini olib kelmoqdamiz. Maktab oʻquvchilari jahondagi ilgʻor tajribalar asosida tayyorlangan zamonaviy darsliklar bilan taʼminlanmoqda.

Yurtimizda dunyodagi nufuzli oliygohlarning filiallarini ochib, Oʻzbekistonni yirik taʼlim markaziga aylantirishni maqsad qilganmiz. Yoshlarimiz yetakchi xorijiy universitetlarda tahsil olib, tajriba orttirib, Vatan ravnaqi yoʻlida xizmat qilishga bel bogʻlaganlar. Buning uchun ularga “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali yanada qulay imkoniyatlar yaratamiz. Ayniqsa, xotin-qizlarning bilim olishlari, kasb egallashlariga alohida eʼtibor qaratishimiz lozim.

Men hurmatli ota-onalarga qarata aytmoqchiman: qizlaringizni oʻqiting, orzu-umidlarini roʻyobga chiqarishlarida ularga koʻmakchi boʻling!

Ulugʻlarimiz aytganlaridek, oʻgʻil bolani oʻqitsak, bir kishi savodli boʻladi. Qiz bolani oʻqitsak, butun oila, butun jamiyat bilimli boʻladi!

Bugun Oʻzbekistonning barcha yoshlariga murojaat qilmoqchiman.

Qadrli oʻgʻil-qizlarim, mamlakatimiz istiqboli, barcha ezgu niyatlarimiz ijobatini biz avvalo sizlarning timsolingizda koʻramiz. Kelajakda turli sohalarda ulkan yutuq va zafarlarga erishib, yurtimizni dunyoga yanada keng tarannum etishingizni istaymiz.

Marrani baland oling, siz buyuk ishlarga qodirsiz!

Hamisha oʻz kuchingiz, qatʼiyat va salohiyatingizga ishoning!

Davlatimiz, xalqimiz, Prezident sizlarni bu yoʻlda doimo qoʻllab-quvvatlaydi, har qanday yordamni ayamaydi.

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Biz Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish yoʻlidagi saʼy-harakatlarimizni qatʼiy davom ettiramiz. Alohida kompaniyalarga berilgan monopol huquq va imtiyozlarni bosqichma-bosqich bekor qilib, barchaga teng huquqlar berilishini taʼminlaymiz.

Joriy yilda energetika, neft-gaz, suv xoʻjaligi, yoʻl qurilishi, temir yoʻl va aeroport xizmati sohalarida 17 turdagi davlat monopoliyasini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qildik. Bu ishlarni davom ettirib, mamlakatimizni xalqaro savdo makonining ajralmas qismiga albatta aylantiramiz.

Yana bir dolzarb masala – aholini munosib ish oʻrinlari bilan taʼminlashdir. Biz bu borada tadbirkorlarimizga tayanamiz. Shu bois, ularni qoʻllab-quvvatlashni yanada kengaytiramiz.

Tadbirkorlar bilan har yili yuzma-yuz muloqot qilmoqdamiz. Ularni qiynayotgan muammolarga yechim topib, sohani qoʻllab-quvvatlash uchun tegishli qarorlar qabul qilyapmiz.

Zamonning oʻzi tadbirkorlarimizdan keng miqyosda fikrlab ish yuritishni, jahon bozorlarida raqobatdosh mahsulot yaratishni talab etmoqda.

Bu yoʻlda ularga omad va yutuqlar tilaymiz.

Hurmatli vatandoshlar!

Biz endi 37 millionlik katta xalqmiz. Oʻzbekiston hozirgi kunda aholi soni boʻyicha jahondagi eng yirik 40 ta davlatdan biri hisoblanadi. Bu raqamni islohotlarimiz, mehnatimiz, bilim va qobiliyatimiz bilan katta salohiyatga aylantirishimiz kerak.

Dengizga chiqish imkoniyatimiz cheklanganini inobatga olib, eʼtiborimizni kreativ sohalarga qaratishimiz, ularni jadal rivojlantirishimiz zarur. Jahonda kreativ sanoat mahsulotlari eksportidan yiliga milliardlab dollar daromad topayotgan mamlakatlar koʻp. Binobarin, shunday mahsulot ishlab chiqarishga bel bogʻlagan ijodkor ishbilarmonlarimizni, ayniqsa, yoshlarimizni har tomonlama ragʻbatlantiramiz.

Muhtaram doʻstlar!

Biz bundan sakkiz yil oldin Markaziy Osiyoni tashqi siyosatimizning eng ustuvor yoʻnalishi deb belgiladik. Shu asosda qoʻshnilarimiz bilan doʻstona munosabatlar tubdan yaxshilandi.

Barchamizning fidokorona mehnatimiz bilan xalqlarimizning barqaror taraqqiy etgan, tinchlik va hamjihatlik ruhi hukm suradigan Yangi Markaziy Osiyo haqidagi orzusi real haqiqatga aylanmoqda.

Mintaqamiz iqtisodiy oʻsish va investitsion faollik markazlaridan biri sifatida jadal rivojlanmoqda.

Bugungi noyob tarixiy imkoniyatlar asosida Markaziy Osiyoda har tomonlama sogʻlom siyosiy muhit, kelgusi avlodlar uchun erkin va xavfsiz kelajak yaratishimiz zarur.

Ayni paytda dunyoning barcha davlatlari bilan teng huquqli, oʻzaro manfaatli aloqalarimizni yangi bosqichga koʻtaramiz.

Fursatdan foydalanib, Yangi Oʻzbekistonning barqaror rivojlanish va taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlab kelayotgan xorijiy doʻstlarimiz va hamkorlarimizga, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillariga samimiy minnatdorlik izhor etaman.

Qadrli vatandoshlar!

Shu kunlarda yurtimiz muhim siyosiy voqea arafasida turibdi. 27 oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va hududlardagi vakillik organlariga saylovlar oʻtkaziladi.

Ushbu saylovlar yangilangan Konstitutsiyamiz belgilab bergan ijtimoiy-siyosiy muhitda, rivojlangan davlatlardagi kabi ilk bor aralash saylov tizimi asosida oʻtkaziladi. Siyosiy partiyalar tomonidan Qonunchilik palatasiga deputatlikka nomzodlar koʻrsatishda hurmatli ayollarimizning ulushi kamida 40 foiz boʻlishi belgilab qoʻyildi.

Ishonaman, boʻlgʻusi saylovlar xalqaro saylov standartlari va milliy saylov qonunchiligiga toʻla muvofiq holda, kuchli raqobat muhitida boʻlib oʻtadi.

Fursatdan foydalanib, butun xalqimizni saylovda faol ishtirok etib, Yangi Oʻzbekiston uchun, erkin va farovon hayot, farzandlarimizning baxti va istiqboli uchun ovoz berishga chaqiraman.

Aziz va muhtaram yurtdoshlar!

Bugun shiddatli hayotning oʻzi barchamizni yanada ulkan marralar sari daʼvat etmoqda. Oʻz kuchimiz va salohiyatimiz bilan barpo etgan mustaqil davlat, erkin va ozod jamiyatni yanada kuchli, yanada goʻzal va obod etish bosh vazifamizga aylanmoqda.

Bu shunday yuksak marraki, unga erishish uchun har qancha mehnat qilsak arziydi.

Bu shunday buyuk, sharafli maqsadki, unga butun borligʻimizni baxsh etsak arziydi.

Men ishonaman – barchamiz bir boʻlib, aql-zakovat, bilim va tajribamiz, kuch-gʻayratimizni ishga solib, bu ulugʻ manzilga albatta yetamiz. Yorugʻ va nurafshon kelajagimizni – Yangi Oʻzbekistonni albatta barpo etamiz!

Bugungi imkoniyatdan foydalanib, mana shunday ezgu gʻoya atrofida birlashib, islohotlarimizni qoʻllab-quvvatlab kelayotgan, fidokorona mehnati bilan yangi hayot binosini barpo etayotgan buyuk xalqimizga farzandlik mehri bilan taʼzim qilaman.

Siz, azizlarni, butun xalqimizni davlatimiz mustaqilligining oʻttiz uch yillik bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.

Yashasin Oʻzbekiston Respublikasi!

Yashasin Oʻzbekiston xalqi!

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.