Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar!
Muhtaram mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!
Mana shu quvonchli ayyomda siz, azizlarni, koʻpmillatli butun xalqimizni Mustaqillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklashga ijozat bergaysiz.
Bundan yigirma sakkiz yil oldin Birinchi Prezidentimiz, muhtaram Islom Abdugʻaniyevich Karimov xalqimiz va jahon hamjamiyatiga Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini eʼlon qildi.
Oʻtgan qisqa davrda jonajon Oʻzbekistonimiz mashaqqatli, shu bilan birga, sharafli istiqlol yoʻlini bosib oʻtdi.
Bugun bir haqiqatni katta gʻurur va iftixor bilan aytishga toʻla asosimiz bor: mard va matonatli xalqimiz qanchalik qiyin va ogʻir sinovlarga duch kelmasin, oʻzining mustahkam irodasini namoyon etib, oʻzi tanlab olgan mustaqillik yoʻliga doimo sodiq boʻlib kelmoqda.
Bugun Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga dadil qadam qoʻymoqda. Mamlakatimizni modernizatsiya qilish, inson huquq va erkinliklarini, qonun ustuvorligini taʼminlash asosida Oʻzbekistonning yangi, demokratik qiyofasi yaratilmoqda. Bu borada Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan ustuvor gʻoya biz uchun dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.
Milliy yuksalish deganda, biz mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimizning hayot darajasi va turmush sifatini har tomonlama yuqori bosqichga koʻtarishni tushunamiz.
Davlatimiz, el-yurtimizning salohiyati va kuch-qudratiga tayanib, tabiiy boyliklarimizdan oqilona foydalanib, biz oʻz oldimizga qoʻygan ana shunday maqsadlar sari izchil qadam qoʻymoqdamiz.
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Biz bugun qanday islohotlarni, qanday oʻzgarishlar, qanday yangi loyihalarni amalga oshirayotgan boʻlmaylik, ularning barcha-barchasi yagona, ulugʻ bir maqsadga qaratilgan. U ham boʻlsa, mana shu mehnatkash, zahmatkash, olijanob xalqimizni rozi qilish, hayotning barcha sinovlarini matonat bilan yengib yashayotgan vatandoshlarimizning ishonchini oqlash, ogʻirini yengil qilishdan iboratdir.
Lekin hammamiz yaxshi tushunamizki, bunday ulugʻ maqsadlarga oʻz-oʻzidan, quruq va balandparvoz gaplar bilan erishib boʻlmaydi. Bunday marralarga faqat tinimsiz, ogʻir va fidokorona mehnat bilan erishiladi.
Shu maqsadda soʻnggi yillarda davlat va jamiyat boshqaruvi, sud-huquq tizimini takomillashtirish, mamlakatimizning mudofaa qudratini mustahkamlash, haqiqiy bozor iqtisodiyotiga oʻtish boʻyicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. Xususiy mulk va tadbirkorlik uchun keng sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Makroiqtisodiy barqarorlik taʼminlanmoqda.
Qishloq xoʻjaligida tub islohotlar olib borilmoqda. Bu yilgi tabiat qiyinchiliklariga qaramasdan, mirishkor fermer va dehqonlarimiz mardona mehnat qilib, koʻplab sohalarda moʻl hosil yetishtirdilar.
Fursatdan foydalanib, barcha dehqon va fermerlar, dala mehnatkashlarini xalqimiz farovonligini taʼminlash yoʻlida erishayotgan katta yutuqlari bilan samimiy tabriklashni oʻz burchim, deb bilaman.
Aziz doʻstlar!
Yurtimizda ijtimoiy rivojlanish boʻyicha oʻziga xos tizim shakllanmoqda. Bu borada “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Besh ijobiy tashabbus” kabi dasturlarimiz aholini yangicha fikrlash va ishlashga safarbar etishda muhim rol oʻynamoqda. Buning natijasida yuzlab tuman, shahar va qishloqlarning meʼmoriy qiyofasi tubdan yangilanmoqda.
Ilm-fan, taʼlim-tarbiya, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport sohalarida boʻlayotgan katta oʻzgarishlar ham sizlarga yaxshi maʼlum.
Biz umumtaʼlim maktablarida 11 yillik tizimni tikladik. Maktab taʼlimini rivojlantirish masalasi buyuk umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda oliy taʼlim sohasi ham jadal rivojlanmoqda. Faqat keyingi uch yilda 35 ta yangi oliy oʻquv yurti tashkil qilindi va ularning umumiy soni 112 taga yetdi. Bularning 13 tasi nufuzli xorijiy universitetlarning filiallari ekanini alohida taʼkidlash lozim.
Sogʻliqni saqlash sohasining moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash doimo eʼtiborimiz markazida boʻlib kelmoqda. Yurtimizda koʻplab yangi shifoxonalar, tibbiyot markazlari, oilaviy va xususiy klinikalar faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda.
Keyingi yillarda kam taʼminlangan, nogironligi boʻlgan insonlar, yoshlar, xotin-qizlar, keksa avlod vakillarini ijtimoiy himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Bu borada Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi, Nogironligi boʻlgan insonlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etilganini qayd etish lozim.
Aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash biz uchun eng dolzarb vazifa boʻlib kelmoqda. Bizning barcha iqtisodiy va ijtimoiy dasturlarimiz, yirik investitsiya loyihalarimiz, xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarimizning markazida aynan shu muhim masala asosiy maqsad va vazifa boʻlib turibdi.
Uzoq vaqt davomida oʻtkir muammo boʻlib kelgan aholini uy-joy bilan taʼminlash boʻyicha ham yurtimizda yangi davr boshlandi, desak, xato boʻlmaydi.
Mamlakatimizning madaniy hayotida ham ulkan oʻzgarishlar yuz bermoqda. Birinchi marta Shahrisabz shahrida Xalqaro maqom sanʼati anjumani, Termiz shahrida Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali katta muvaffaqiyat bilan oʻtkazildi. Kuni kecha Samarqand shahrida yuksak saviya va baland ruh bilan oʻtkazilgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali betakror mumtoz sanʼatimizni yana bir marta dunyoga namoyon etdi. Sentyabr oyida esa Qoʻqon shahrida ilk bor Xalqaro hunarmandchilik festivalini oʻtkazamiz.
Biz maʼnaviyat va maʼrifat ishini vatanparvarlik ishi, vijdon ishi, deb bilamiz. Vijdoni, maʼnaviyati bor inson Vatanni albatta yaxshi koʻradi. Vijdon, maʼnaviyat degani – xalqqa, Vatanga chin yurakdan xizmat qilish deganidir.
Mana shunday qarash butun xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz tomonidan keng va qizgʻin qoʻllab-quvvatlanayotgani maʼnaviy tarbiyaning naqadar dolzarb ahamiyatga ega ekanini koʻrsatadi.
Aziz doʻstlar!
Oʻzbekiston inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash boʻyicha mustaqil siyosatini qatʼiy davom ettirmoqda va bu siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilmoqda.
Mamlakatimizda mahbuslarni afv etish instituti joriy etildi. Keyingi uch yilda yetti marta afv eʼlon qilindi. Natijada qilmishidan chin dildan pushaymon boʻlib, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 4 mingga yaqin mahbus jazoni oʻtash joylaridan ozod etildi.
Kuni kecha afv etish haqidagi yana bir farmonga imzo chekdim. Unga koʻra jazo muddatini oʻtayotgan 65 nafar fuqaro afv etildi.
Tasavvur qiling, oʻz uyiga, yaqinlari bagʻriga qaytayotgan bu insonlarning, ularning ota-onasi, farzandlarining quvonchi, xursandchiligini “oynai jahon” orqali koʻrgan odam, bu haqiqatan ham ezgu va savobli ish ekaniga yana bir bor ishonch hosil qiladi.
Mustaqillik bayrami arafasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Jasliq qoʻrgʻonidagi jazoni ijro etish koloniyasi yopilgani insonparvar siyosatning yana bir ifodasi boʻldi.
Bu tarixiy qadam mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish vaqtinchalik kampaniya emas, balki davlat siyosati darajasidagi uzluksiz jarayon ekanini koʻrsatadi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston oʻz fuqarolarining huquq va manfaatlarini, ular qayerda boʻlishidan qatʼi nazar, himoya qilishga qodir mamlakat sifatida oʻzini namoyon etmoqda.
Chet ellarda ishlayotgan va taʼlim olayotgan vatandoshlarimiz bilan aloqalar mustahkamlanib, ularning huquq va manfaatlari taʼminlanmoqda. Oʻzbekistonga qaytib, ish yoki oʻqish faoliyatini davom ettirish istagida boʻlgan fuqarolarimiz uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Bu yil 156 nafar vatandoshimiz – asosan ayollar va bolalar jangovar harakatlar davom etayotgan Suriyadan qaytarib olib kelindi va ularning fuqarolik huquqlari tiklandi.
Albatta, kechirimli, mehr-oqibatli boʻlish xalqqa ham, Xudoga ham manzur boʻladi. Mana shunday ezgu fazilatlar bizning bagʻrikeng xalqimizni yanada ulugʻlaydi.
Hurmatli vatandoshlar!
Hozirgi vaqtda Oʻzbekiston tashqi siyosat sohasida ham faol va samarali faoliyat olib bormoqda. Uzoq va yaqindagi barcha davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarimiz tobora kengayib, rivojlanmoqda.
Avvalo, Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari oʻrnatilib, oʻzaro manfaatli aloqalar yoʻlga qoʻyilmoqda. Minglab oddiy odamlarning chegaralardan bemalol oʻtishi, mintaqamiz boʻylab erkin harakatlanishi, qarindosh-urugʻlari bilan bordi-keldi qilishlari uchun barcha sharoit yaratildi.
Oʻzbekiston mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda, Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatishga qaratilgan muloqotlarda faol ishtirok etmoqda.
Bularning barchasi mamlakatimizning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtiborini oshirishda, yurtimizning doʻstlari va hamkorlarini koʻpaytirishda muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.
Fursatdan foydalanib, mamlakatimizdagi demokratik islohotlarni qoʻllab-quvvatlab, xayrixoh boʻlib kelayotgan, bugungi tantanada ishtirok etayotgan xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga, xalqaro tashkilotlar vakillariga, chet ellik sheriklarimizga, Oʻzbekistonning barcha doʻstlariga samimiy hurmat va minnatdorlik bildirishga ijozat etgaysiz.
Muhtaram yurtdoshlar!
Hayotimizda tinchlik-totuvlik, millatlar va dinlar oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlik mustahkamlanib bormoqda. Biz buni barcha islohotlarimizning kafolati, eng muhim natijasi, deb bilamiz.
Bugungi kunda amalga oshirayotgan islohotlarimiz, xalq bilan muloqot davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani tufayli jamiyatimizda ochiqlik va erkinlik muhiti tobora kuchayib bormoqda.
Odamlar tashabbus koʻrsatib, nafaqat oʻz shaxsiy muammosi, balki koʻpchilikning dardu tashvishlarini hal qilish uchun davlat idoralari bilan hamkorlikda ishlashga oʻrganmoqda.
Bilasizlar, men mamlakatimiz boʻylab juda koʻp safarlarda boʻlaman. Joylarda, olis tuman, qishloq va ovullarda boʻlib, yangi-yangi iqtisodiy-ijtimoiy loyihalarni joriy etishga, odamlar nima bilan yashayapti, ularning ahvoli, kayfiyati qanday ekanini yaqindan bilishga, ularni qiynayotgan muammolarni yechish uchun yordam berishga intilaman.
Mana shunday ochiq, samimiy muloqotlar asosida bugun xalqimiz bilan koʻp-koʻp murakkab, muhim masalalarni birgalikda hal qilmoqdamiz. Va bu odamlarimiz qalbida kelajakka ishonch uygʻotib, ularni yangi, ulkan marralar sari ruhlantirmoqda. Hech shubhasiz, bu – bizning eng katta yutugʻimizdir.
Shu ulugʻ ayyomda har qanday ogʻir sinov va mashaqqatlarda ham Vatanimiz mustaqilligini asrab, uning barqaror taraqqiyotini taʼminlab kelayotgan mard va bagʻrikeng xalqimizga halol va fidokorona mehnati, istiqlol gʻoyalariga sadoqati uchun chuqur taʼzim qilaman.
Muhtaram vatandoshlar!
Albatta, hayot bor ekan, uning oʻtkir talablari, muammolari boʻlgan va bundan keyin ham boʻladi. Lekin har qanday muammoni oqilona hal qilish uchun, avvalo, birlik, hamjihatlik zarur.
Barchamizga, ayniqsa, rahbar va yetakchilarga chuqur bilim, aql-zakovat, sabr-toqat kerak. Shuning uchun “Jaholatga qarshi – maʼrifat” degan fikrda katta maʼno bor. Bu gʻoya faqat diniy tarbiya bilan bogʻliq ishlarda emas, balki hayotimizning barcha sohalarida hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Har bir masalani maʼrifat asosida chuqur oʻylab, xalqqa hurmat bilan, takror va takror aytaman, odamlar fikrini inobatga olib, faqat qonun va adolat mezoniga tayangan holda hal etsak, el-yurtimiz bizdan albatta rozi boʻladi.
Bugun zamon oʻzgardi. Endi hammamiz erkinlik, ochiqlik, oshkoralik sharoitida ishlashga oʻrganishimiz lozim. Barcha rivojlangan davlatlar, dunyo hamjamiyati shunday yashamoqda.
Davrning, hayotning keskin talablaridan orqada qolmaslik uchun barchamiz har kuni oʻqib-oʻrganishimiz, oʻz ustimizda ishlashimiz, bilim va saviyamizni doimo oshirib borishimiz kerak.
Bizning tomirlarimizda ulugʻ ajdodlarimizning qoni oqmoqda. Buyuk bobolarimizning munosib izdoshlari va davomchilari boʻlish biz uchun ham qarz, ham farz, desam, oʻylaymanki, barchangiz bu fikrga qoʻshilasiz.
Oʻz Vatanini, ona xalqini ravnaq toptirish uchun oʻzini ayamasdan mehnat qilish: bu – jasorat va mardlik, bu – ona yurtga muhabbat va sadoqat, bu – toʻgʻri tarbiya va amaliy namuna demakdir.
Shu kunlarda oʻzining fidokorona mehnati bilan mamlakatimiz rivojiga munosib hissa qoʻshib, barchaga namuna boʻlayotgan yurtdoshlarimizga markazda va joylarda davlatimizning yuksak unvonlari, orden va medallari tantanali ravishda topshirilmoqda.
El-yurtimizga sadoqat bilan xizmat qilib, xalqimiz oʻrtasida katta obroʻ-eʼtibor topgan ana shunday vatandoshlarimizni oʻz nomimdan, sizlarning nomingizdan samimiy tabriklab, ezgu tilaklarimizni bildirishga ruxsat etgaysiz.
Aziz doʻstlar!
Bugun bir fikrni qatʼiyat bilan taʼkidlashni zarur, deb bilaman: Oʻzbekistondagi demokratik jarayonlar endi orqaga qaytmaydigan, muqarrar tus oldi.
Biz mana shu yorugʻ kunlar uchun kurashib, jon fido etgan ota-bobolarimizning haqqi-hurmati, 33 millionlik xalqimizning haqqi-hurmati, bizga umid va ishonch koʻzi bilan boqib turgan bolalarimiz, nabiralarimizning haqqi-hurmati – mustaqillik va istiqlol yoʻlidan hech qachon qaytmaymiz!
Oʻz maqsadlarimizga albatta yetamiz – kelajagi buyuk Oʻzbekistonni barchamiz birgalikda barpo etamiz!
Qadrli vatandoshlar!
Hammamizga yaxshi maʼlumki, oldimizda katta siyosiy voqea turibdi. Shu yil dekabr oyida mamlakatimiz parlamenti va mahalliy kengashlarga saylovlar boʻlib oʻtadi.
Bu saylovlar milliy mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, Oʻzbekistonni dunyodagi rivojlangan, demokratik davlatlar qatoriga koʻtarishda yana bir muhim amaliy qadam boʻladi.
Bu saylovlar butun xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizning orzu-intilishlarini ifoda etib, ular uchun yangi imkoniyatlar ochib beradi, deb ishonaman.
Bugungi kunda qancha-qancha bilimli, nufuzli xorijiy universitetlarda tahsil olgan, chet tillarni, zamonaviy boshqaruv usullarini yaxshi biladigan navqiron yoshlar hayotimizga kirib kelmoqda.
Ular bizning umidimiz, ertangi kunimiz. Shuning uchun yoshlarga keng yoʻl ochib berish, ehtiyoj va manfaatlarini taʼminlash, qobiliyat va isteʼdodini roʻyobga chiqarish, hayotda oʻz oʻrnini topishiga yordam berish, ularga masʼul lavozimlarni ishonib topshirish bundan buyon ham doimo eʼtiborimiz markazida boʻladi.
Aziz farzandlarimiz el-yurtimizning ana shunday yuksak eʼtiboriga munosib boʻlib, oʻz salohiyati bilan, milliy gʻoyamizga sadoqati bilan Oʻzbekistonimizni butun dunyoga tarannum etishlariga ishonaman va bu yoʻlda ularga baxt va omad tilayman.
Muhtaram vatandoshlarim!
Sizlarni Oʻzbekiston davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayrami bilan yana bir bor chin dildan samimiy tabriklayman.
Barchangizga sihat-salomatlik, yangi-yangi yutuqlar, oilaviy xotirjamlik yor boʻlsin, farzandlar, nabiralarning baxtu kamolini koʻrish nasib etsin!
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, jonajon Oʻzbekistonimiz omon boʻlsin!
Mustaqilligimiz abadiy boʻlsin!