Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 ming 700 nafar sudlanganlarni afv etish toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi

0
94
marta koʻrilgan.
 
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma besh yilligi munosabati bilan afv etish toʻgʻrisida”gi farmoniga
ShARH 
 

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligini nishonlash arafasida Prezidentimiz tomonidan 2 ming 700 nafar mahkumni afv etish toʻgʻrisidagi Farmon imzolandi. 

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning asosi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qoʻyilgan insonparvarlik, inson hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa huquqlarining oliy qadriyat sifatida tan olinishi kabi umuminsoniy prinsiplarni amalga oshirishdan iboratdir. 

Qonunga rioya qilmagan, biroq oʻz qilmishining qonunga xilofligini anglab yetgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan shaxslarga oʻz oilasiga va jamiyatga qaytishi, ijtimoiy moslashish imkoniyatining berilishi oʻzbek xalqining kechirimlilik, rahmdillik va bagʻrikenglik kabi azaliy qadriyatlarining amaldagi yorqin ifodasidir. 

Shu paytgacha har yili amnistiya toʻgʻrisida hujjatlar qabul qilingan. Taʼkidlash joizki, amnistiya ozodlikka chiqariladigan shaxslarning aniq guruhini belgilamaydi. Amnistiya toʻgʻrisidagi aktda faqat jinoyat turlari koʻzda tutilib, ozodlikka chiqariladigan shaxslar amnistiya toʻgʻrisidagi hujjat ijrosini taʼminlash jarayonida aniqlanadi. 

Amnistiya aktidan farqli ravishda, afv etish masalasini hal etishdan oldin har bir mahkumning shaxsi, ular tomonidan sodir etilgan qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasi, sodir etilish holatlari va oqibatlari, yetkazilgan zararning qoplanganligi, shuningdek, jabrlangan tomon va jamoatchilik munosabati har tomonlama va puxta oʻrganib chiqiladi. 

Shu maqsadda 2017 yil 29 sentyabrda davlatimiz rahbari tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma besh yilligi munosabati bilan jazoni ijro etish muassasalarida jazo oʻtayotgan mahkumlarni afv etish haqidagi materiallarni tayyorlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoyish qabul qilindi. 

Ushbu farmoyishga muvofiq huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sudlar, jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat ishchi guruhlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Afv etish masalalari boʻyicha komissiya bilan hamkorlikda joylarga chiqib, har bir mahkum bilan yakka tartibda suhbatlar oʻtkazish orqali ularning shaxsini oʻrganib chiqdi. 

Oʻrganish jarayonida mahkum tomonidan sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasiga, uning oʻz qilmishidan chin koʻngildan pushaymonligiga, jinoyat natijasida yetkazilgan zararning qoplanganligiga, yoshi, sogʻligiga, oilaviy ahvoliga va yengillashtiruvchi boshqa holatlarga alohida eʼtibor qaratildi. Shu bilan birga, jabrlanganlar va jamoatchilikning, jumladan, mahkum yashagan mahalla vakillarining fikrlari ham atroflicha oʻrganildi. 

Amalga oshirilgan ishlar natijasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mamlakatimiz tarixida ilk marotaba 2 ming 700 nafar mahkumni, shu jumladan, jazoni ijro etish koloniyalaridan 956 nafar turli sharoitlar tufayli jinoyat sodir etgan, qilmishidan chin koʻngildan pushaymon boʻlgan, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan, yashash joyi va jazoni ijro etish muassasasida ijobiy tavsiflangan shaxslarni afv etish toʻgʻrisida Farmon qabul qilindi

Ushbu Farmon bilan afv etiladigan mahkumlarga tez kunlarda oʻz oilasiga va jamiyatga qaytib, bundan buyon mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisi boʻlish imkoniyati yaratildi. 

Mazkur Farmonning qabul qilingani Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan davlat va jamiyatning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan demokratik oʻzgarishlar insonparvarlik tamoyiliga asoslanganligini koʻrsatuvchi yana bir yorqin dalildir.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.