XI asrda yashagan Abu Muin Nasafiy bobomiz aqida ilmining buyuk namoyondalaridan biri. Abu Mansur Moturidiy asos solgan moturidiya taʼlimotining dunyoda keng miqyosda tarqalishida muhim rol oʻynagan. Islom dini sofligini saqlash, aqidaparastlikka qarshi kurashishga qaratilgan koʻplab ilmiy asarlar yozgan. Qarshi tumani Qovchin qishlogʻida dafn etilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Abu Muin Nasafiy maqbarasini obod ziyoratgohga aylantirish, ziyoratchilarga zarur sharoitlar yaratish, bu maskanda kutubxona tashkil etish, buyuk olim asarlarini tarjima qilib, xalqimizga yetkazish boʻyicha tavsiyalar bergan edi.
Shunga muvofiq bu yerda katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Aqida ilmi boʻyicha maktab, kutubxona qurilmoqda.
Davlatimiz rahbari ulamolar bilan suhbatda buyuk bobokalonimiz asarlari bugungi kun uchun ham gʻoyat ahamiyatli ekani, ularni nashr qilib, mazmun-mohiyatini yosh avlodga yetkazish zarurligini taʼkidladi.
Mazkur ziyoratgohda Qurʼoni karimning asl qoʻlyozma nusxasi saqlanmoqda. Bu kitob qadimgi Samarqand qogʻoziga bitilgan, xattotlik elementlari bilan bezatilgan. Shavkat Mirziyoyev bunday kitoblar xalqimizning bebaho merosi ekani, ularni asrab-avaylash kerakligini qayd etdi.