Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 iyun kuni Sindao shahrida oʻzi uchun ajratilgan qarorgohda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining birinchi oʻrinbosari Amina Muhammadni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari keyingi ikki yilda Oʻzbekiston va BMT hamkorligi faol tus olgani, amaliy natijalar bilan boyiganini taʼkidladi. BMTning nufuzli delegatsiyalari mamlakatimizda boʻlgani, jumladan, Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissar boshqarmasi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan amaliy chora-tadbirlar rejasi izchil amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Amina Muhammad Oʻzbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi ishtirokini mamnuniyat bilan yodga oldi. Mamlakatimiz tomonidan mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, shuningdek, Afgʻonistonni qayta tiklashga koʻmaklashish boʻyicha koʻrilayotgan aniq chora-tadbirlarni yuqori baholadi. Toshkentda oʻtgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusidagi xalqaro konferensiya bu masalaga jahon hamjamiyati eʼtiborini tortgani qayd etildi.
Muloqotda avvalgi uchrashuvda erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi boʻyicha atroflicha fikr almashildi. Hamkorlikning istiqboldagi muhim yoʻnalishlari muhokama qilindi.