Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Qashqadaryoda, Yakkabogʻ tumaniga tashrif buyurdi

0
189
marta koʻrilgan.

Davlatimiz rahbari 2017 yil fevral oyida Qashqadaryo viloyatiga safari chogʻida viloyatda yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, ularni eksport qilish hajmlarini yanada koʻpaytirish boʻyicha topshiriqlar bergan edi.  

Yakkabogʻ tumanidagi “Darmon farm” xususiy korxonasiga qarashli «Darmon sharbati» meva-sabzavotni qayta ishlash va qadoqlash korxonasi 2017 yil avgust oyida ishga tushirildi. Bu yerda kuniga 12 tonna mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Zamonaviy, energiyatejamkor uskunalar bir kecha-kunduzda 20 tonnagacha meva-sabzavotni qayta ishlash quvvatiga ega. Asosan olma, oshqovoq va sabzi sharbati tayyorlanib, ichki bozorga chiqarilmoqda. Kelgusida uzum, anor  va boshqa qator sabzavot mahsulotlarini ham qayta ishlab, sharbat tayyorlash koʻzda  tutilgan. 

Prezidentimiz korxonadagi ish jarayoni bilan tanishdi. Bu yerda joriy qilingan zamonaviy texnologiyalar samarali ish jarayoni va yuqori sifatli mahsulot tayyorlashni taʼminlamoqda. Meva-sabzavotlarning tabiiy xususiyatlari saqlab qolingan  tayyor mahsulot 1,5 va 3 litrli maxsus idishlar – akseptik paketlarga qadoqlanadi.  Korxona xodimlari kasb-hunar kollejlarini bitirgan yoshlardir. Ularga zamonaviy texnologiyalarni oʻzlashtirishda xorijlik mutaxassislar saboq bergan.

Korxonada tayyorlanayotgan  tabiiy sharbatlar chet ellik xaridorlarda katta qiziqish uygʻotmoqda.

Davlatimiz rahbari  viloyatda bu kabi korxonalarni koʻproq tashkil etish, tadbirkorlarga eksportni oʻrgatish lozimligini taʼkidladi.

 Shu yerning oʻzida Qashqadaryo viloyatida 2018-2019 yillarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash hamda eksport hajmini oshirish loyihalari taqdimoti boʻlib oʻtdi. 

«Darmon sharbati» meva-sabzavotni qayta ishlash va qadoqlash korxonasi tomonidan meva-sabzavotni qayta ishlash va bolalar taomlari ishlab chiqarish, “Sharofat opa Qahramon qizi” agrofirmasi tomonidan muzlatkich omborxonasi qurish loyihalari ham taqdim etildi.

Prezidentimiz eksportni rivojlantirish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.


Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.