Davlatimiz rahbari joriy yil 27 aprelda Jizzax viloyatiga tashrifi davomida ulkan shoirlar Hamid Olimjon va Zulfiyaning adabiy merosini keng targʻib qilish, asarlaridagi ezgu tushunchalar mohiyatini yoshlarga yetkazish lozimligini taʼkidlagan edi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan Hamid Olimjon va Zulfiya xiyoboni, ikki shoir nomi bilan ataluvchi oʻzbek tili va adabiyotini chuqur oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat hamda muzey xalqimizning ardoqli farzandlariga koʻrsatilgan ulkan ehtirom namunasi boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 iyundagi «Jizzax shahrida Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatni tashkil etish toʻgʻrisida»gi qarori bilan mazkur maktab-internat uchun 4 qavatli zamonaviy bino qurib bitkazildi. Bu yerda yaratilgan zamonaviy sharoitlar, 100 oʻrinli yotoqxona, oshxona, faollar zali oʻquvchilarning munosib taʼlim olishiga xizmat qiladi.
Jizzax shahridagi tarixiy Xoʻja Nuriddin madrasasida adabiyotimizning ulkan namoyandalari Hamid Olimjon va Zulfiyaning adabiy merosini keng targʻib qilish maqsadida muzey tashkil etildi. Buning uchun madrasa binosi tubdan taʼmirlanib, tarixiy koʻrinishi tiklandi. Madrasaning gumbaz qismi sirlangan koshin bilan qoplandi.
Muzey ekspozitsiyasi mazmuni Prezidentimizning «Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz» asari hamda Hamid Olimjon va Zulfiya xiyoboni, ular nomi bilan ataluvchi maktab-internat tashkil etish boʻyicha bildirgan fikr-mulohazalari asosida shakllantirilgan.
Davlatimiz rahbari Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi xiyobon atrofini yanada obodonlashtirish, muzey faoliyatini takomillashtirish, maktab-internat moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha topshiriqlar berdi.