Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qarshi tumanidagi “Baxt” koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligiga tashrif buyurdi.
Mazkur fermer xoʻjaligi chorvachilik, parrandachilik, tuyachilik, yilqichilik, quyonchilikka ixtisoslashgan. 4 gektarda intensiv bogʻ, 1 gektar maydonda issiqxona tashkil etilgan.
Davlatimiz rahbari fermer xoʻjaligida qoʻshimcha tarmoqlarni ishga tushirish hisobiga yangi ish oʻrinlarini yanada koʻpaytirish boʻyicha tavsiyalar berdi.
Shu yerda viloyatda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, achchiq qalampir, kovrak plantatsiyalari tashkil etish, chorvachilik, kurkachilik majmualari, pistazor va yongʻoqzorlar barpo etish, oʻrmon xoʻjaliklarida intensiv usulda koʻchat yetishtirish, sutni qayta ishlash, asalarichilik loyihalari taqdimoti ham oʻtkazildi.
Prezidentimiz limonchilikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratdi.
Limonchilik nafaqat Qashqadaryo vohasi, balki mamlakatimiz uchun eng serdaromad sohalardan. Bu tarmoqni rivojlantirish iqtisodiyotimiz raqobatbardoshligini oshirish, qoʻshimcha daromad manbaini yaratishga xizmat qiladi. Shu bois mazkur istiqbolli yoʻnalishni qoʻllab-quvvatlash, Qashqadaryo misolida limonchilik uyushmasini tashkil etish lozim, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qashqadaryo viloyatida teri xomashyosini qayta ishlash va charm-poyabzal klasterini barpo etish, aholini tuxum va parranda goʻshti bilan taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar ham atroflicha muhokama etildi.
Prezidentimiz barcha loyihalarni takomillashtirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berdi.