Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinni Prezident saylovida erishgan ishonchli gʻalabasi bilan qutladi.
Davlatimiz rahbarining qutlovida boʻlib oʻtgan saylov natijalari Vladimir Putin rahbarligida amalga oshirilayotgan har tomonlama oʻylangan, Rossiya jamiyatini birlashtirish, odamlar turmush darajasini yuksaltirish, iqtisodiyot, infratuzilma va davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, davlat suverenitetini qatʼiy himoya qilish va Rossiya Federatsiyasining jahonda muhim oʻrin tutgan davlat sifatidagi rolini mustahkamlashga qaratilgan siyosatga Rossiya xalqi tomonidan ulkan ishonch bildirilayotgani va har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotganini yana bir bor namoyish etgani qayd etilgan.
Tomonlarning yaqin muloqoti, siyosiy irodasi hamda amaliy hamkorlikni tubdan kengaytirishga birdek intilishi Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlagani alohida taʼkidlandi.