Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy parlamenti rahbari bilan uchrashdi

0
132
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 aprel kuni Pekinda Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qoʻmitasi raisi Li Chjanshu bilan uchrashdi,  deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Davlatimiz rahbari «Bir makon, bir yoʻl» ikkinchi xalqaro forumining oʻtkazilishi hamda uning doirasida XXR Raisi Si Szinpin  ilgari surgan tashabbuslarning amalga oshirilishi xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga, keng mintaqamizda doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi.

Kecha Xitoy Xalq Respublikasi Raisi bilan oʻtgan uchrashuvda mamlakatlarimiz hamkorligining yangi istiqbollari belgilab olingani, ular ikki davlat oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Li Chjanshu Oʻzbekiston va Xitoy oʻzaro munosabatlarda erishgan yuksak darajani katta mamnuniyat bilan qayd etdi. 

Keyingi yillarda ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, madaniy-gumanitar va koʻplab boshqa sohalardagi aloqalar yanada faollashgani alohida taʼkidlandi. 

Oʻzbekiston va Xitoyning qonun chiqaruvchi organlari oʻrtasida hamkorlik borasida ijobiy tajriba toʻplangan. Parlament delegatsiyalarining uchrashuvlari muntazam oʻtkazilib, bu boradagi sheriklik izchil rivojlanib bormoqda.
 
Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish masalalari koʻrib chiqildi. Bundan tashqari, parlamentlararo muloqot mamlakatlarimiz hamkorligini amaliy mazmun bilan boyitish, yangi dastur va loyihalarni ilgari surishga xizmat qilishi qayd etildi. 

Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qoʻmitasi raisi Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va keng koʻlamli sheriklikni yanada rivojlantirishga amaliy hissa qoʻshishga tayyorligini bildirdi.

Li Chjanshu Oʻzbekistonda yangi bosqichda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni, ularning real natijalari va samaradorligini yuksak baholadi.

Uning fikricha, Prezident Shavkat Mirziyoyevni oʻz siyosati va islohotlari miqyosi va maqsadlari nuqtai nazaridan toʻla asos bilan Xitoyning buyuk islohotchisi Den Syaopin bilan taqqoslash mumkin.

Uchrashuv yakunida parlamentlararo aloqalarni faollashtirish hamda samarali islohot va yangilanishlarni amalga oshirish borasidagi tajribani chuqur oʻrganish maqsadida qoʻshma tadbirlar oʻtkazishga kelishib olindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.