Prezident Shavkat Mirziyoyev xotin-qizlarni bayram bilan tabrikladi

0
188
marta koʻrilgan.

Toshkentda 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri boʻlib oʻtdi,  deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz xotin-qizlarini bayram bilan tabriklab, ularga chuqur hurmat-ehtirom va eng ezgu tilaklarini bildirdi. 

– Bugungi quvonchli ayyomda dunyoda “fidoyi” degan soʻzga eng munosib boʻlgan Ona siymosi oldida taʼzim qilamiz. Hayotimiz quvonchi, xonadonlarimiz koʻrki boʻlmish aziz ayollarimiz shaʼniga eng goʻzal tilaklarimizni izhor etamiz. Ayol siymosi Yaratganning tengsiz moʻjizasi boʻlib kelgan va hamisha shunday boʻlib qoladi, – dedi davlatimiz rahbari.  

Xalq roziligi avvalo, muhtarama onalar, xotin-qizlarning roziligi bilan bogʻliqligi, ularning sogʻ-salomat boʻlib, baxtli yashashini taʼminlash barcha islohotlarning asosiy maqsadi va mezoni ekani taʼkidlandi.  

Yurtimiz ayollari farzandlar tarbiyasi, oila hayotidagi fidoyiligi bilan jamiyatimiz mustahkamligi va ertangi kuniga zamin yaratmoqda.  Shuningdek, sogʻliqni saqlash, taʼlim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat, sanʼat, sanoat va boshqa sohalarda samarali mehnat qilib, yurtimiz rivojiga beqiyos hissa qoʻshmoqda.  

Prezidentimizning 2019 yil 7 mart kuni qabul qilingan “8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash toʻgʻrisida”gi Farmoni buning munosib eʼtirofi boʻldi. Farmonga muvofiq, mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini oshirish, sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, oilalarni mustahkamlash borasidagi munosib xizmatlari uchun bir guruh xotin-qizlar Vatanimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan mukofotlandi. Ular orasida atoqli olimlar, shoir va adiblarning sadoqatli umr yoʻldoshlari ham borligi alohida eʼtiborga molik. 

Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2 martdagi qaroriga muvofiq yigirma sakkiz nafar faol qiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan edi. 

Tadbirda ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi. 

– Sizlarning mana shunday ochilib, hayotdan rozi boʻlib yurishingiz uchun, sizlarning baxtu saodatingiz uchun doimo sidqidildan xizmat qilishga tayyormiz. Istaymizki, mana shunday quvonchli kunlarimiz koʻp boʻlsin, – dedi Prezident. 

Bugun Shavkat Mirziyoyev yana bir muhim hujjat – “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorga imzo chekdi. Unda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, maishiy va mehnat sharoitlarini yaxshilash boʻyicha kompleks vazifalar belgilangan. 

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan tashrif buyurgan xotin-qizlar, turli vazirlik va idoralar vakilalari toʻkin dasturxon atrofida bayramni nishonladi. Tadbirda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan chet ellik diplomat ayollar, jumladan, Fransiya Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi elchilari, Birlashgan

Millatlar Tashkilotining turli vakolatxonalari rahbarlari ham ishtirok etdi.  

Ayol, mehr, muhabbat madh etilgan konsert dasturi barchaga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.