Prezident sirdaryolik faollar bilan suhbatlashdi

0
100
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xovos tumanidagi «Saxovat» fermer xoʻjaligi dalasida boʻlib, gʻoʻza rivojini koʻzdan kechirdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.   

«Bek klaster» korxonasiga qarashli mazkur xoʻjalikda joriy mavsumda gʻalladan 455 tonna hosil olinib, 314 million soʻmdan ziyod sof foyda koʻrilgan. Boʻshagan maydonga eksportbop dukkakli ekinlar ekilgan. 

Hozirda 50 gektar maydonda gʻoʻza parvarishlanmoqda.

Davlatimiz rahbari dalaga kirib, paxta rivojini koʻzdan kechirdi.

Fermerlar Sardoba suv ombori qurilgani, zararkunandalarga qarshi kurashish uchun Sirdaryo viloyatiga byudjetdan 10 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ  ajratilgani natijasida eng dolzarb masalalar hal etilib, yuqori hosil yetishtirilayotganini taʼkidlashdi.

— Dalaga chiqishdan maqsad nima oʻzi? Daromad topish! Daromadni esa birinchi navbatda qoʻshimcha hosil taʼminlaydi. Shuning uchun terimgacha har bir tupga kamida beshtadan koʻsak, gektariga besh sentnerdan paxta qoʻshishga harakat qilish kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu yerda viloyat tumanlari va sektorlar rahbarlari, nuroniylar, fermer va tadbirkorlar bilan uchrashuv boʻldi. Unda qishloq xoʻjaligi va kichik biznesni rivojlantirish, aholi salomatligini mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida soʻz bordi.

 

Sirdaryo viloyatida bu yilgi hosil uchun 73 ming gektar maydonda chigit ekilgan. Bahor oylari seryogʻin kelgani oqibatida ayrim maydonlar buzilib, qayta ekilgan.

Viloyat va soha mutasaddilariga qoloq maydonlarning har bir konturi boʻyicha nazoratni yoʻlga qoʻyib, biostimulyatorlar bilan ishlov berish, barcha agrotexnik tadbirlarni tizimli tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Paxtaning xarid narxi oʻtgan yilgiga nisbatan qariyb 1,3 barobarga koʻpaytirilgani fermerlarning manfaatdorligini oshirgani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari yirik sanoat korxonalari boʻlmagan viloyatda yalpi hududiy mahsulotni oʻstirish, aholini ish bilan taʼminlashning asosiy manbai kichik biznes boʻlishi kerakligini taʼkidladi. Shuningdek, jinoyatchilikning oldini olish, aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan ishlarni kuchaytirish boʻyicha alohida koʻrsatmalar berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.