Prezident surxondaryolik fermerlar bilan suhbatlashdi

0
180
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Jarqoʻrgʻon tumanidagi “Kamola Kamolbek Quyun” fermer xoʻjaligida boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Xoʻjalikning yer maydoni 45 gektar. Joriy yilda gʻalladan 70, paxtadan 40 sentnerdan hosil yetishtirish moʻljallanmoqda. 35 kishi doimiy va mavsumiy ish bilan taʼminlangan.

Davlatimiz rahbari ekinlar rivojini koʻzdan kechirdi, gʻalla va gʻoʻzaning navi, hosildorligi bilan qiziqdi.

— Nima uchun qishloq xoʻjaligida ilm, innovatsiya kerak, deyapmiz? Avvalo sifat va hosildorlik uchun. Yuqori daromad olishni xohlagan fermer ilm bilan mehnat unumdorligini oshirishga harakat qilishi kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Maʼlumki, gʻalladan boʻshagan maydonlarga takroriy ekin ekish uchun ishsiz aholi vakillariga yer berilmoqda. “Kamola Kamolbek Quyun” fermer xoʻjaligida ham ijtimoiy daftarlarga kiritilgan 34 nafar fuqaroga 20-25 sotixdan yer ajratilgan. Ular koʻkat, kartoshka, piyoz, sabzi va boshqa ekinlar ekib, yaxshi daromad olgan. Joriy yilda ham qoʻshimcha 18 nafar fuqaroga dehqon xoʻjaliklari tashkil etish uchun 30 sotixdan yer maydonlari ajratilishi koʻzda tutilgan.

Prezident shunday yer egalari bilan suhbatlashdi.

— Aholiga yer berilib, urugʻ, oʻgʻit masalalarida ham yordamlashilmoqda. Faqat mehnat qilish qolyapti. Agar har bir oila oʻzi harakat qilib, hayotida oʻzgarish qilsa, kambagʻallik ham, ishsizlik ham boʻlmaydi, — dedi davlatimiz rahbari.

Surxondaryo iqlimida 3 martagacha hosil olish mumkinligi, aholiga koʻmaklashib, daromad manbai yaratish zarurligi taʼkidlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.