PREZIDENT TABRIGI–YOSH QALBLAR TIRGAGI

0
221
marta koʻrilgan.

Mamlakatimiz istiqboli — yosh avlodning qanday taʼlim-tarbiya olganligi va qanday maʼnaviy fazilatlar egasi boʻlib voyaga yetganligi bilan oʻlchanishi hech kimga sir emas.

Maʼlumki, insonning oʻzligini topishi, mohiyatga erishishi borliqqa – atrof -muhitga, hayotga,  insonlarga boʻlgan mehr-muhabbatida namoyon boʻladi. Maʼnaviy yetuk inson esa faqat va faqat maktabda shakllanadi, aqlan va jismonan rivojlanadi. Zero, maktab oʻz mohiyatini teran anglab yetishga qodir va oʻz Vatani, uning taraqqiyoti, millat farovonligi uchun masʼul insonni tarbiyalaydi, hayotga uchirma qiladi.

Yurtboshimizning maktab bitiruvchilariga yoʻllagan tabrigi nafaqat bitiruvchi yoshlarni, balki kattayu kichik barcha eldoshlarimizga manzur boʻldi. Yoshlarning qalbida ertangi tinch, farovon hayot va baxtli kelajakka boʻlgan ishonch, umid uchqunlarini choʻgʻlantirib yubordi.
Mamlakatimiz tarixida ilk bora yoʻllangan bunday mazmundagi tabrik biz ustozlarni ham toʻlqinlantirdi. Kasbimizga, ishimizga boʻlgan ishqimiz, zavqimiz yanada olovlandi. Zero, Jaloladdin Rumiy: “Zargarning oʻz hunariga ishqi, moddaning haqiqiy sifatlarini anglashga, binobarin unga ishlov berishning usul va vositalarini egallab olishga yetaklaydi. Bu jarayon zargar uchun oʻz-oʻzini anglash jarayoni hamdir”, deb yozganlarida juda haq edilar.

Inson qaysi kasb egasi boʻlmasin, oʻz ishiga mehr-muhabbat bilan yondoshsa, oʻz-oʻzini mukammal anglaydi, shu sohada kamol topadi. Ayniqsa, oʻqituvchi kimni oʻstirsa, tarbiyalasa, oʻzi ham oʻsib,ulgʻayadi, donishmandlik kasb etadi. Davlatimizning, millatimizning kelajagi boʻlgan yoshlarni tarbiyalashdek buyuk va ulugʻ vazifa topshirilgan ustozlar jamiyatdagi eng aziz, eng eʼzozli inson ekanligiga shubha yoʻq.

Qisqa muddatda taʼlim tizimida muhim oʻzgarishlar amalga oshirilganligini mamnuniyat bilan qayd qilish joiz. “Yangi Oʻzbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi” shiori ostida maktab taʼlimini rivojlantirish umumxalq harakatiga aylanganligi, oxirgi toʻrt yil ichida 134 ta maktab yangidan qurilib, 2965 ta maktab taʼmirlanib zamonaviy jihozlanganligining oʻziyoq fikrimizga yaqqol dalil boʻladi.

Mamlakatimizda mutlaqo yangi shakl va mazmundagi zamonaviy Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning barpo etilishi qalbimizdagi umidlar hosilasidir. Ochigʻini aytsam, bugungi yangilanayotgan taʼlim tizimining ochilishi nafaqat mening 44 yillik pedagogik faoliyatimda, balki butun mamlakatimiz pedagoglari uchun mutlaqo yangi sahifa, yangi bir davrni boshlab berdi. Bu esa ozod va obod Oʻzbekistonning qadri biland, martabasi ulugʻ ustoz –muallimlarning davri boʻldi, ilm olaman, oʻqiyman, degan yoshlarning davri boʻldi. Har gal sinf xonasiga kirsam muhtaram Prezidentimizning “Maktab bu-hayot-mamot masalasi, kelajak masalasi”,  degan soʻzlari quloqlarim oldida jaranglaganday boʻladi. Har bir oʻquvchimga qarab, ularning qiyofasida yurtboshimizning orzulagan tinchligimizning sadoqatli soqchilarini, ertangi kunimizning mohir xoʻjayinlarini, jonajon Oʻzbekistonimizning dovrugʻini olamga yoyadigan qahramonlarni koʻrganday boʻlaman. Bu qanotni, bu parvozni yoshlarimiz Ogahiy nomidagi muhtasham ijod maktabidan oladilar, albatta. Zero, Ogahiy hazratlari ilmning xosiyati va insonning hayotidagi oʻrni haqida shunday yozgan edilar :

Ilm andoq ganji nofedur bani odamgʻakim,
Kimda u boʻlsa ikki olam obod ango.

Mana qisqa vaqt ichida maktabimizning ijodkor oʻquvchilari ustozlari rahnamoliklarida qator yutuqlarni qoʻlga kiritdilar. Jumladan, maktabning 7-sinf oʻquvchisi Javohir Karimov 10-14 yoshlilar oʻrtasida oʻtkazilgan “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida 3-oʻrinni egallagan boʻlsa, 9-sinf oʻquvchisi Gulmira Ravshanbekova, 6-sinf oʻquvchilari Sarvara Karimova va Guliraʼno Otabekovalarning ilk kitoblari dunyo yuzini koʻrdi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod, va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tomonidan nashri yoʻlga qoʻyilgan “Ijod bogʻidan guldasta” sheʼriy toʻplamiga 13 nafar ijodkor oʻquvchilarimiznig sheʼrlari kiritildi. Yutuqlarimiz sezilarli darajada salmoqdor.

Maktabda “Kichik akademiya” faoliyat koʻrsatadi. Unda ijod qilayotgan qizlardan 9-sinf oʻquvchilari Gulmira Ravshanbekova va Ziyoda Safarboyevalarning ilmiy rahbarligim ostida olib borayotgan kichik tadqiqot ishlari xalqaro jurnallarda bosilib chiqdi. Bular meni ustoz sifatida juda quvontirdi. Shogirdlarimning iqtidorlari koʻp tahsinlarga loyiq. Albatta, bular ijod maktabimizning ishlaridan qisman bir natijalardir.

Muhtaram yurtboshimizning Xorazm farzandlariga boʻlgan mehru muhabbati, ularning qonida, jonida muqim yashab kelayotgan iqtidoru isteʼdodiga boʻlgan yuksak ishonch timsoli sifatida yangidan qad rostlagan Ogahiy ijod maktabi yana ikki yildan soʻng ilk qaldirgʻochlarini mustaqil hayotga uchirma qiladi. Ishonamizki, bitiruvchi oʻquvchilarimiz yurtboshimizning orzularini roʻyobga chiqarib, yangi Oʻzbekistonning nomini sharaflarga burkaydilar.

Madina MATYOQUBOVA, filologiya fanlari nomzodi, Ogahiy nomidagi  ijod maktabi oʻqituvchisi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.