Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 avgust kuni mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqot oʻtkazdi.
Bunday shakldagi uchrashuv ilk bor oʻtkazildi va unda jami oʻn mingga yaqin tadbirkor ishtirok etdi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor yoʻnalishi etib belgilangan. Soʻnggi besh yilda bu sohani rivojlantirishga qaratilgan 2 mingga yaqin qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi.
Ularga asosan, 114 ta litsenziya va ruxsatnoma bekor qilindi, 33 ta faoliyat turi xabardor qilish tartibiga oʻtkazildi. Ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartiblari soddalashtirilib, muddatlari oʻrtacha 2 baravarga qisqartirildi. Ortiqcha tekshirishlar, naqd pul, valyuta va xomashyo boʻyicha koʻplab cheklovlarga barham berildi.
Bunday qulaylik va imkoniyatlar natijasida yangi subyektlar keskin koʻpayib, avvaldan ishlayotganlari faoliyatini kengaytirmoqda. Oxirgi besh yilda tadbirkorlar soni qariyb 3 baravar oshdi. Koʻp ishbilarmonlar oʻz biznesini butun mamlakat miqyosida kengaytirib, minglab ish oʻrinlari yaratib, nufuzli yirik kompaniyalarga aylandi. Ichki va tashqi bozorda oʻz nufuzi va brendiga ega tadbirkorlar sinfi shakllana boshladi.
Davlatimiz rahbari ana shunday azmu shijoatli va fidoyi tadbirkorlarning ayrimlarini tilga olib, xalqimizga madadkor boʻlayotgani uchun ularga minnatdorchilik bildirdi.
Maʼlumki, mazkur ochiq muloqot oldidan tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar soʻralgan edi. Turli masalalarga oid 15 mingdan ortiq murojaatlar boʻldi.
Prezidentimiz oʻz nutqida ularni hal qilishga qaratilgan 7 ta muhim yoʻnalishni koʻrsatib oʻtdi. Birinchi yoʻnalish – biznesni moliyalashtirish, ikkinchisi – soliq tizimini takomillashtirish va biznesga soliq yukini kamaytirish, uchinchisi – yer ajratish, toʻrtinchisi – infratuzilma, beshinchisi – eksportyor korxonalarni qoʻllab-quvvatlash, oltinchisi – transport-logistika, yettinchisi – sohadagi tartib-taomillarni soddalashtirish masalalariga qaratildi.
Davlatimiz rahbari har bir yoʻnalish boʻyicha dolzarb vazifalarni koʻrsatib, yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Masalan, murojaatlarning 40 foizi biznesni moliyalashtirish va moliya-kredit masalalari bilan bogʻliq boʻlgan. Jumladan, kredit stavkalarining yuqoriligi va koʻplab kreditlar qisqa muddatga, tadbirkor uchun noqulay shartlarda berilayotgani qayd etilgan. Shuningdek, xorijiy valyutadagi kreditlar valyuta kursining muntazam oʻsishi hisobiga tadbirkor uchun qoʻshimcha xarajatlarni yuzaga keltirmoqda.
Shu bois banklarning kapitalini oshirish choralari belgilandi. Xususan, kelgusi yilda banklarga Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan bozor tamoyillari asosida qoʻshimcha 600 million dollar ajratiladi. Xalqaro moliya bozorlarida 5 trillion soʻmlik milliy valyutada yevrobondlar chiqariladi. Xorijiy banklar kirib kelishiga keng imkoniyatlar yaratiladi.
Yana bir muhim yangilik – banklar resursni qanday valyutada jalb qilishidan qatʼiy nazar, tadbirkorlarga kreditni soʻmda va maqbul foizlarda berish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Shu maqsadda Moliya vazirligi huzurida Valyuta xatarlarini boshqarish kompaniyasi va hududlarda uning filiallari tashkil etiladi.
Maʼlumki, soʻnggi uch yilda soliqlar turi 16 tadan 9 taga qisqardi. Yaqingacha Pensiya, Maktab va Yoʻl jamgʻarmalariga biznes uchun ogʻir yuk boʻlgan 3,2 foizli yigʻimlar toʻlanar edi. Ushbu yigʻimlar korxonalarning foydasidan qatʼiy nazar, oborotdan olinib, ularning miqdori korxonalarning kamida 25-30 foiz foydasiga teng edi. Molk-mulk, daromad soligʻi va ijtimoiy soliqlar stavkalari 2 barobarga kamaytirildi.
Prezidentimiz bu sohada ham tadbirkorlarga qoʻshimcha qulayliklar yaratilishini qayd etdi.
Jumladan, 2020 yil fevral oyida “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingunga qadar iqtisodiy zonalarda roʻyxatdan oʻtgan tadbirkorlarga berilgan imtiyozlar saqlab qolinadi.
Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga qoʻshilgan qiymat soligʻining ortiqcha qismini 7 kun ichida qaytarib berish tartibi joriy qilinadi. Bu ularga aylanma mablagʻlarini koʻpaytirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, chetdan olib kelingan tovarlar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻini 120 kun davomida boʻlib-boʻlib toʻlashda tadbirkorlarga foiz hisoblanmaydi va garov talab etilmaydi.
Qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarga yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2 barobarga kamaytiriladi.
Davlatimiz rahbari pandemiya sharoitida xizmatlar sohasini qoʻllab-quvvatlash muhimligini taʼkidlab, oʻtgan yili berilgan imtiyozlar muddatini uzaytirishga koʻrsatma berdi. Umumiy ovqatlanish korxonalari yil yakuniga qadar yer va mulk soligʻidan, turizm kompaniyalari va mehmonxonalar 2 yil muddatga turistik yigʻimlardan ozod qilinadigan boʻldi.
Amaldagi tartibga koʻra, tadbirkorlar qoʻshilgan qiymat soligʻidagi farqni qaytarish uchun soliq idoralariga alohida murojaat qilishga majbur. Bu – 14 ming tadbirkorga tegishli boʻlib, ular uchun qoʻshimcha vaqt, ortiqcha sarsongarchilik, degani.
Shu bois mutasaddilarga kelgusi yildan qoʻshilgan qiymat soligʻini qoʻshimcha hujjatsiz qaytarish tartibini joriy etish vazifasi qoʻyildi.
Tadbirkorlarni qiynayotgan muammolardan yana biri yer ajratish bilan bogʻliq. Bu masala boʻyicha Prezidentga 4 mingdan ziyod murojaat boʻlgan.
Joriy yil 16 avgust kuni “Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek, yerlarni hisobga olish va davlat yer kadastrini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” qonun qabul qilindi. U bilan yerlarni iqtisodiy oborotga kiritish, ularni oldi-sotdi va garov obyektiga aylantirish uchun mustahkam huquqiy zamin yaratildi.
Endi qishloq xoʻjaligi yerlari ochiq tanlov asosida faqat ijaraga beriladi. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan er maydonlari esa faqat auksion orqali sotiladi.
Koʻpchilik tadbirkorlarni oʻz korxonasi joylashgan yer maydonining taqdiri oʻylantirishi tabiiy. Prezidentimiz ushbu korxonalarga hozirda egallab turgan yer maydonlari mulk qilib rasmiylashtirib berilishini taʼkidladi.
Biznes subyektlarini infratuzilma bilan taʼminlash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Qayd etilganidek, kelgusi yil 1 yanvardan boshlab, qiymati 200 milliard soʻmga teng loyihalar boʻyicha elektr, tabiiy gaz, suv tarmoqlari va yoʻl infratuzilmasini yetkazib berish toʻliq davlatning zimmasida boʻladi. Bu imtiyoz hozirgi kungacha faqatgina 50 million dollardan oshadigan xorijiy investorlar loyihalariga qoʻllanib kelinmoqda.
Shuningdek, kelgusi 2 yilda respublika boʻyicha qoʻshimcha 200 ta sanoat zonalari tashkil etilib, ularga ham kommunal va yoʻl infratuzilmasi davlat tomonidan yetkazib beriladi. Ushbu maqsadlar uchun kelgusi yilda byudjetdan 2 trillion soʻm mablagʻ ajratiladi.
Tadbirkorlar eʼtiroziga sabab boʻlayotgan yana bir muammo – elektr tarmoqlariga ulanishda kichik korxonalarga ham yirik zavodlar bilan bir xil talablar qoʻyilgan.
Shu bois kelgusi yil boshidan bu borada qulay tizim joriy etiladi. Elektr tarmogʻiga ulanish toʻliq elektron platformaga oʻtkaziladi va barcha jarayonlar bir bosqichga tushiriladi. Tadbirkorlarni elektr tarmogʻiga ulash muddati 20 kilovattgacha boʻlgan quvvatlar uchun – 10 kun, 50 kilovattli quvvatlar uchun esa 20 kun etib belgilanadi. Agar, elektr taʼminoti korxonasi ishlarni muddatida yakunlamasa, tadbirkorlarga kompensatsiya toʻlaydi.
Davlatimiz rahbari eksportyor korxonalarni qoʻllab-quvvatlash, kichik biznesni eksport faoliyatiga jalb qilish boʻyicha ham qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Masalan, oʻtgan yili pandemiya davrida toʻqimachilik korxonalariga eksportdan valyuta tushumini kutmasdan qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarib berish tartibi joriy etilgan edi. Endi ushbu tartib barcha tarmoqlarning halol va intizomli eksportyorlariga nisbatan ham tatbiq etilishi aytildi.
Shuningdek, yiliga 20 million dollardan ortiq eksport qiluvchi korxonalarga 5 million dollargacha imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Hozirgi kunda ayrim xomashyolar importi uchun boj stavkalari yuqori ekani koʻrsatib oʻtildi. Oqibatda ular asosida mahsulot ishlab chiqarishdan koʻra chetdan olib kelish arzonroq boʻlmoqda.
Shu bois, hukumatga xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar uchun import boji stavkalarini pasaytirish boʻyicha topshiriq berildi.
Transport-logistika xizmatlarini rivojlantirish, tadbirkorlarning yuklarini tashishni yengillashtirish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi. Yuk avtomobillari va temir yoʻl vagonlarini olib kirish boʻyicha berilgan imtiyozlar yana 3 yilga uzaytirilishi maʼlum qilindi.
Tadbirkorlik faoliyatiga aralashuvlarni qisqartirish, subsidiyalar olish jarayonini osonlashtirish boʻyicha ham koʻplab koʻrsatmalar berildi.
Muloqotda tadbirkorlar soʻzga chiqib, faoliyatida duch kelayotgan muammolarni, taklif va mulohazalarini aytdi. Ular tarmoq mutasaddilari va hokimlar ishtirokida muhokama qilindi.
Prezidentimiz bunday ochiq muloqotni anʼanaga aylantirib, har yili tashkil etish, 20 avgustni mamlakatimizda “Tadbirkorlar kuni” deb eʼlon qilish taklifini bildirdi. Bu takliflar keng qoʻllab-quvvatlandi.