Xalqaro kongresc markazida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boʻlib oʻtmoqda, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bunday uchrashuv ilk bor 2021 yil 20 avgustda tashkil etilgan edi. Davlatimiz rahbarining taklifi bilan bu anʼanaga aylandi hamda mazkur sana mamlakatimizda “Tadbirkorlar kuni” etib belgilandi.
Tadbir avvalida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishbilarmonlarni ushbu bayram bilan tabriklab, oʻzining chuqur hurmati va ezgu tilaklarini bildirdi.
– Har bir mamlakatda tadbirkorlar katta kuch-qudrat boʻlib kelgan. Oʻzbekistonimizda ham iqtisodiyotni rivojlantirish, ish oʻrinlari yaratish, kambagʻallikni qisqartirish, mahallalarni obod etishga harakat qilyapmiz. Bunga eng katta hissa qoʻshayotgan kim? Tadbirkorlar! Sizlar har biringiz qahramonsiz, fidoyisiz. Biz sizlar bilan faxrlanamiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Biznesga sharoitlar natijasida bu soha izchil rivojlanayotgani qayd etildi. Oʻtgan bir yilda kichik tadbirkorlar soni 40 mingtaga, oʻrta tadbirkorlar soni 2 mingtaga, yirik korxonalar soni esa 400 taga koʻpaygan. Berilgan yengilliklardan foydalanib, bir yilda 155 ta korxonaning yillik aylanmasi 100 million dollardan oshgan. Kiritilgan yillik xorijiy sarmoyalar hajmi esa ilk bor 10 milliard dollarga yetgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 18 avgustdagi farmoniga muvofiq, mamlakatimiz iqtisodiy qudrati va aholi farovonligini yuksaltirishda namuna koʻrsatayotgan 44 nafar yurtdoshimiz davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Bayram tadbirida ularga ana shu unvon, orden va medallar topshirildi.
Shuningdek, joylarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 17 avgustdagi farmoyishiga muvofiq, 126 nafar ilgʻor biznesmenga “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni topshirilmoqda.