Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 mart kuni kichik va oʻrta biznes vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Yurtimizda bu soha ish oʻrni, investitsiya, innovatsiya, raqobat, qoʻshilgan qiymat va eksportni koʻpaytirishga eng katta turtki berayotgan yoʻnalishga aylandi. Soʻnggi besh yilda kichik va oʻrta tadbirkorlar soni 2 karra koʻpaydi. Ularda 10 million 500 ming odam – jami band aholining 74 foizi daromad topib, roʻzgʻor tebratayapti. Iqtisodiyot hajmining yarmidan koʻpi, sanoat va eksportning uchdan biri shu soha vakillari hissasiga toʻgʻri kelayapti.
Ushbu raqamlarning oʻziyoq mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun kichik va oʻrta biznes qanchalik muhimligini yaqqol koʻrsatib turibdi. Davlatimiz rahbari shu bois bu yoʻnalishni qoʻllab-quvvatlash bundan keyin ham davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlishini taʼkidladi.
– Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash – bizning strategik yoʻlimiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uchrashuvda kichik va oʻrta biznes yoʻnalishidagi ustuvor vazifalar haqida fikr almashildi.
Xususan, 2025 yilda uning iqtisodiyotdagi ulushini 55 foizga koʻtarib, 70 milliard dollarlik qoʻshilgan qiymat yaratish;
— yangi bozorlarga kirib borishda transport, sertifikat va standartiga koʻmaklashib, kichik biznes eksportini oʻtgan yilgi 9 milliarddan 12 milliard dollarga olib chiqish;
— ichimlik suvi, kanalizatsiya, yoʻl, qurilish, kommunal xoʻjalik, yetkazib berish, utilizatsiya, migratsiya, madaniyat va ijtimoiy xizmatlarda kichik biznes ulushini 2-3 karra oshirish;
— 1,5 million doimiy ish oʻrni tashkil qilib, sohada band aholi ulushini 75 foizga yetkazish;
— 100 nafardan koʻp ishchisi bor korxonalarni 4 mingtaga olib chiqish;
— kichik biznesda yangi 100 ta brend mahsulot chiqarishni yoʻlga qoʻyish;
— kichik biznes ishtirokida 200 ta startap loyihalarni moliyalashtirish kabi katta maqsadlar qoʻyilmoqda.
Bu borada xorijiy ekspertlar bilan birga dastur ishlab chiqildi. Unga 2025 yilda barcha manbalar hisobidan 10 milliard dollar yoʻnaltirilmoqda.
Prezidentimiz buning samarasida kichik va oʻrta biznesga yaratiladigan yangi imkoniyatlarni alohida qayd etib oʻtdi.
Xususan, aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun 22 trillion soʻmlik imtiyozli resurs ajratiladi. Shuning 2,5 trillion soʻmi yoshlarga, yana shunchasi ayollar tadbirkorligi loyihalari uchun yoʻnaltiriladi. Ayol tadbirkorlarga kredit stavkasi boshqalarga nisbatan 2 foiz arzon boʻladi.
Joriy yildan kichik biznesga 300 million soʻmgacha kredit berila boshlandi. Endi oxirgi bir yilda yiriklashib, kichik yoki oʻrta korxonaga aylangan tadbirkorlarga shuning 150 million soʻmi garovsiz beriladi. Shuningdek, oilaviy tadbirkorlik boʻyicha ham 50 million soʻmgacha garovsiz kredit boʻladi.
Biznesni moliyalashtirishda muqobil manba sifatida venchur fondlar ommalashmoqda. Besh yilda ular ishtirokida 145 million dollarlik 53 ta startap loyiha amalga oshirilgan.
Buni kengaytirish maqsadida davlat banklari tomonidan yana 3 ta venchur kompaniya ochilib, 50 million dollar fond shakllantirildi. Xorijdan ham yana 50 million dollar jalb qilinadi. Bu biznesni boshlayotgan tadbirkorlar uchun qoʻshimcha imkoniyat boʻladi. Eng muhimi, bunday loyihalar iqtisodiyotga yangi yoʻnalish, texnologiya, innovatsiya va yuqori qoʻshilgan qiymat olib kiradi.
Startap orqali yaratilgan yuqori samarali innovatsion mahsulot yoki xizmatlar texnik reglament va standartlarga kiritiladi. Bu ularga davlat buyurtmasi uchun yoʻl ochadi.
Biznes uchun yaratilgan sharoitlar evaziga soʻnggi uch yilda 250 ming yangi korxona tashkil topdi. Endi ularning faoliyati kengayishi uchun joy va bino kerak. Shu bois hokimlar yer tanlashda, eng avvalo, ishini yoʻlga qoʻyib, rivojlanish istagida yurgan tadbirkorlar soʻragan joylarni auksionga chiqarishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Yana bir yangilik: bu yil Qoʻngʻirot, Chimboy, Asaka, Gʻijduvon, Gʻallaorol, Yakkabogʻ, Xatirchi, Chortoq, Bulungʻur, Sirdaryo, Denov, Quva, Shovot tumanlari hamda Yangiyoʻl va Margʻilon shaharlarida barcha davlat idoralari bitta koʻp qavatli binoga koʻchiriladi. Ulardan boʻshaydigan 150 ta bino auksionda tadbirkorlarga taklif qilinadi.
Bunday yangiliklar qishloq xoʻjaligi sohasida ham bor. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Jizzax, Toshkent va vodiy viloyatlarida 5 ming gektardan ziyod yer yangicha tartibda ijaraga berilmoqda. U yerda tadbirkorlar oʻzi xohlagan ekinni ekib, bir qismiga saqlash, saralash, qadoqlash quvvatlari qurishi ham mumkin. Bu yil yana 30 ming gektar yer shunday tizim asosida savdoga chiqarilishi aytildi.
Yaqinda “Uzagrostar” xolding kompaniyasi tashkil qilingan edi. Uning tarkibida meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 16 ta kompaniya ochildi. Endi, bu kompaniyalar har bir viloyatda meva-sabzavotni qayta ishlaydigan agrosanoat majmualari quradi. Bunga dastlabki bosqichda yana 200 milliard soʻm beriladi.
Salohiyatli yoʻnalishlardan yana biri – ishlab chiqarish. Joylarda bunga intiluvchilar koʻp, lekin hammasi ham ishni nimadan boshlash, qayerdan mutaxassis va texnologiya olib kelishni bilmaydi.
Shu bois, 20 ta tumanda kichik va oʻrta sanoat korxonalarini rivojlantirish boʻyicha loyiha ofislari ochilishi maʼlum qilindi. Ularga xorijiy muhandis, texnolog, dizayner, buxgalter va marketologlar olib kelinadi. Bunga shu yilning oʻzida 100 milliard soʻm ajratiladi.
Bundan tashqari, kichik biznesda yangi “drayver” boʻladigan uskuna va dastgohlar, tibbiy vositalar, elektronika sanoati, logistika kabi sohalarda tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha alohida dasturlar qabul qilinishi aytildi.
Yangi tadbirkorlar “oyoqqa turib olishi” uchun faoliyatining birinchi yili muhim. Shu bois ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida “birinchi imkoniyat” tamoyili joriy etiladi. Yaʼni, ilk bor maʼmuriy huquqbuzarlik qilgan tadbirkor javobgarlikdan ozod qilinib, kamchilikni bartaraf etish uchun imkoniyat beriladi.
Hozirda faoliyatni tugatish uchun barcha toifadagi tadbirkorlarga bir xil talab belgilangan. Endi bu jarayon ham soddalashadi. Oxirgi uch yillik aylanmasi 10 milliard soʻmdan oshmagan, soliqdan qarzi boʻlmagan korxonani ixtiyoriy tugatishda tekshiruv oʻtkazilmaydi.
Maʼlumki, yurtimizda 2028 yil 1 yanvarga qadar qoʻshimcha qiymat soligʻi va foyda soligʻi stavkasi oshirilmasligi belgilangan. Endi kichik va oʻrta biznesga qoʻshimcha talab va majburiyat yuklaydigan meʼyoriy hujjatlar qabul qilishga ham uch yillik moratoriy eʼlon qilindi.
Fermerlar uchun ham muhim yangilik: soliqdan qarzini vaqtida toʻlay olmagani uchun shu paytgacha yigʻilib qolgan 1 trillion soʻmlik penyani undirishdan voz kechildi.
Dunyoda keng rivojlanayotgan sunʼiy intellekt, raqamli va yashil texnologiyalar, kreativ xizmatlar sohasidagi loyihalarga ham qulay sharoitlar yaratib berilishi taʼkidlandi.
Oʻzbekistonda kichik biznesni rivojlantirish strategiyasini xalqaro moliya tashkilotlari ham qoʻllab-quvvatlamoqda. Prezidentimiz uchrashuvda Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Fransiya taraqqiyot agentligining vakolatxonalari rahbarlari bilan ham muloqot qildi. Xalqaro moliya tashkilotlariga amaliy hamkorligi va koʻrsatayotgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuvda tadbirkorlar soʻzga chiqib, faoliyatini kengaytirish, yangi bozorlarga kirib borish, standartlarni oʻrganish, brend yaratish, startaplarni yuzaga chiqarish boʻyicha takliflarini aytdi. Davlatimiz rahbari buning uchun Kichik biznes uyushmasi tashkil qilish tashabbusini qoʻllab-quvvatladi.
Tadbirkorlar hamisha qonun va davlat himoyasida ekani taʼkidlandi.
– Prezident doimo sizlarga eng yaqin koʻmakchi, tayanch va suyanch boʻladi. Sizlar yangilik qilishdan charchamanglar, men qoʻllab-quvvatlashdan charchamayman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uchrashuvda muhokama qilingan masalalar va takliflardan kelib chiqib, Prezident farmoni qabul qilinadigan boʻldi. Ushbu farmondagi yengilliklar qoʻshimcha hujjatlarni kutmasdan toʻgʻridan-toʻgʻri amaliyotga kiritiladi.