Prezident Shavkat Mirziyoyev “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Surxondaryo viloyati boshqarmasi faoliyati bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻtgan yili foydalanishga topshirilgan uch qavatli binoda viloyat va Termiz shahar “Oila” markazlari, “Oila” kutubxonasi, oʻquv zallari, fuqarolarni qabul qilish xonasi joylashgan. Shuningdek, “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi viloyat boʻlimi, “Barqaror hayot” nodavlat notijorat tashkiloti, Ombudsmannning viloyat boʻlimi va boshqa jamoat tashkilotlariga ham xonalar ajratilgan. Bu ularning markaz bilan yaqin hamkorlikda ishlashida muhim oʻrin tutmoqda.
Keng va yorugʻ xonalar zamonaviy jihozlangan. Markaz qoshida masus oʻquv kurslari ham tashkil etilgan.
Viloyatda 600 mingga yaqin oilalar mavjud. Shundan 149 mingdan ziyodi yosh oilalardir. Markaz xodimlari “Sogʻlom oila – sogʻlom jamiyat” konseptual gʻoyasini hayotga tatbiq etish, ajrimlarning oldini olishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Oilaviy munosabatlar va muammolar boʻyicha tadqiqotlar olib bormoqda.
Davlatimiz rahbari oila qadriyatlarini oʻgʻil-qizlarga yoshlik chogʻlaridan toʻgʻri tushuntirish, hozirgi oilaviy muammolar boʻyicha ilmiy ishlar qilib, hayotga tatbiq etish, xotin-qizlar bilan ishlaydigan mutaxassislarning bilimini oshirish zarurligini taʼkidladi. Asl milliy urf-odatlarimizni asrab-avaylash, yot gʻoya va rasm-rusumlar paydo boʻlishi sabablarini tushuntirib, yoshlar ongini ulardan himoya qilish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Shu yerda Vazirlar Mahkakamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan aholi murojaatlari bilan ishlash, xotin-qizlarni kasbga qayta tayyorlash borasidagi ishlar haqida maʼlumot berildi.
Shu bilan Prezidentimiz Surxondaryoga ikki kunlik safarini yakunlab, Toshkentga joʻnab ketdi.