Prezident tibbiyot xodimlari bilan muloqot qilmoqda

0
701
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqot qilmoqda, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Salomatlik – insonning birlamchi ehtiyoji, istagi. Shu bois davlatimiz rahbari bu masalaga alohida eʼtibor qaratib, sohani izchil rivojlantirib kelmoqda. Prezidentimiz hududlarga safari chogʻida ham har doim tibbiyot maskanlariga boradi, shifokorlar bilan suhbatlashib, aholi salomatligini soʻraydi.

Lekin, bunday shakldagi katta uchrashuv ilk bor oʻtkazilmoqda. Anjumanlar saroyida mingdan ortiq, hududlardagi studiyalarda 20 mingga yaqin tibbiyot xodimlari, aholi vakillari ishtirok etmoqda.

Davlatimiz rahbari soʻzining boshida tibbiyot sohasining jonkuyar vakillari bilan Navroʻz bayrami arafasida koʻrishganidan mamnunligini bildirdi.

– Hayot haqiqati shuni koʻrsatadiki, faqatgina sogʻlom xalq, barkamol millat buyuk ishlarga qodir boʻladi. El-yurtimiz azaldan shifokorlarni, inson salomatligini asrashdek ezgu va savobli ishga, butun borligʻini bagʻishlagan fidoyi zotlar, deb biladi va hamisha qadrlaydi. Chunki odamlar sizlarga oʻzlarining eng bebaho boyliklarini – hayotlarini ishonib topshiradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oxirgi yillarda xorijiy tajriba asosida bu sohada katta ishlar qilindi. Avvalo, tibbiyotga ajratilayotgan mablagʻlar hajmi keskin oshirildi. Jumladan, 2022 yilning oʻzida sohaga byudjetdan 24 trillion soʻm yoʻnaltirildi. Bu mablagʻ 2016 yilga nisbatan 4 barobar koʻpdir.

Oʻtgan besh yilda shifoxonalar va tez tibbiy yordam punktlarini dori-darmon, tibbiyot buyumlari bilan taʼminlashga ajratilayotgan mablagʻlar 12 barobar koʻpaytirildi. Shu davrda sogʻliqni saqlash tizimini yaxshilash uchun xalqaro moliya tashkilotlaridan 700 million dollardan ziyod mablagʻlar jalb qilindi.

Eng avvalo, birlamchi tibbiyot boʻgʻinini yaxshilashga eʼtibor qaratilib, har bir mahallada “xonadonbay” ishlaydigan tibbiy brigadalar tashkil etildi. 2021 yildan boshlab, birlamchi boʻgʻinda aholini 66 turdagi dori vositalari bilan bepul taʼminlash yoʻlga qoʻyildi. Hozirgi vaqtda odamlar shamollash, qon bosimi, yurak xuruji, qandli diabet, oshqozon va nafas yoʻllari kasalliklarini davolash uchun eng zarur dorilarni oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalardan olishmoqda.

Aholiga sifatli tibbiy yordamni kengaytirish maqsadida birlamchi tizimga 20 mingta oʻrta tibbiyot xodimlari qoʻshildi. Shuningdek, qishloqlarda joylashgan 801 ta oilaviy poliklinika yangi zamonaviy tashxis apparatlari bilan taʼminlandi.

Bu orqali qishloq va mahallalarda 8 turdagi yangi tibbiy xizmatlar yoʻlga qoʻyildi. Jumladan, salomatlik koʻrsatkichlari boʻyicha xavf guruhiga kirgan 12 million aholini maqsadli skriningdan oʻtkazish boshlandi.

Yuqori malaka va texnologiyalar talab qiladigan tibbiy xizmatlar koʻlami ham kengaymoqda. Avvalambor, hududlarda 23 ta ixtisoslashgan tibbiyot markazlarining yuzdan ortiq filiallari faoliyat boshladi. Natijada ilgari poytaxtda amalga oshirilgan 210 turdagi operatsiya va tashxislarni mahalliy shifoxonalarda oʻtkazish imkoniyati yaratildi. 130 turdagi jarrohlik amaliyotlari viloyat shifoxonalarida, 60 turi esa tumanlarda birinchi marta yoʻlga qoʻyildi.

Ilgari har yili minglab yurtdoshlarimiz davo istab chet ellarga borishga majbur edi. Endilikda yaratilgan imkoniyatlar tufayli bunday murakkab, qimmat operatsiyalarning koʻpi yurtimizda amalga oshirilmoqda. Soʻnggi besh yilda shifoxonalarimizda 200 turdagi yangi jarrohlik amaliyoti, jumladan, buyrak va jigar transplantatsiyasi yoʻlga qoʻyildi. Misol uchun, birgina buyrak transplantatsiyasi orqali shu kungacha 700 ga yaqin bemorning hayoti saqlab qolingan.

Ehtiyojmand aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha ochiq va shaffof tizimga oʻtildi. Endi ixtisoslashgan markazlarda bepul davolanadigan kasalliklar roʻyxati shakllantirilib, tibbiy yordam uchun yoʻllanma haqiqiy ehtiyoji bor aholiga “elektron navbat” asosida berilmoqda. Eng muhimi, bu tizimga asosan, mablagʻlar shifoxonaga emas, balki aniq bemorga ajratilmoqda.

Tibbiyot tizimidagi eng katta oʻzgarishlardan yana biri – davlat shifoxonalari bilan birga xususiy meditsina ham rivojlanmoqda. Avvallari bunday xizmatlar faqat stomatologiya boʻyicha koʻrsatilgan boʻlsa, hozir xususiy klinikalar deyarli barcha yoʻnalishlarda faoliyat yuritmoqda. Bugun ularning soni 8 mingtaga yetgan.

Tibbiy taʼlim muassasalari sonini koʻpaytirish, zamonaviy bilim va malakaga ega kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor berilayapti. Xususan, soʻnggi besh yilda 6 ta yangi tibbiyot oliygohi tashkil etilib, ularning soni 14 taga yetdi, qabul kvotasi esa 4 barobarga oshdi.

Hududlarni malakali mutaxassislar bilan kafolatli taʼminlash maqsadida viloyatlar buyurtmasiga asosan manzilli oʻqishga qabul qilish yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, 1 ming 500 nafar shifokorlar nufuzli xorijiy klinika va universitetlarda malakasini oshirdi.

Davlatimiz rahbari sohadagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlab kelayotgan Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Germaniya taraqqiyot banki, UNICEF, USAID, JICA, TICA, KOICA, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki kabi koʻplab boshqa hamkor tashkilotlar vakillariga minnatdorlik bildirdi.

“Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqotda sogʻliqni saqlash sohasidagi navbatdagi vazifalar, dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.

– Bugun sohadagi yutuqni – yutuq, kamchilikni – kamchilik deb aytib, tizimdagi “kasalliklar”ga toʻgʻri diagnoz qoʻyib, ularning davosini topishga harakat qilishimiz zarur, – dedi Prezident.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.