Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 9 fevral kuni Yunusobod tumanida boʻlib, metropoliten qurilishi bilan tanishgan edi.
Davlatimiz rahbari 26 oktyabr kuni bu yerga yana bir bor tashrif buyurib, qurilish ishlarining borishini koʻzdan kechirdi.
Hozirgi kunda bu yerda Turkiston va Yunusobod stansiyalari hamda ular oraligʻida tunnel qurish ishlari olib borilmoqda.
Ushbu tunnelni yopiq usulda qazish uchun Germaniyadan “Xerrenktnext” kompaniyasining mexanizatsiyalashgan majmuasi keltirilgan. Bu ulkan texnika may-sentyabr oylari davomida yigʻilgan. Soha mutaxassislari Germaniyada malaka oshirib keldi. Koʻprik qurilish tresti tomonidan tunnel devorlarini mustahkamlovchi tyubinglar ishlab chiqarish sexi ishga tushirildi.
Hozirgi kunda tunnel qazish ishlari boshlab yuborilgan.
Prezidentimiz ushbu texnik majmuani koʻzdan kechirdi. Mutasaddilarga metro stansiyalarining tashqi koʻrinishi va infratuzilmasi boʻyicha tavsiyalar berdi.
Transport kommunikatsiyalarini qurishda shaharning kelgusi rivojini hisobga olish, hamma uchun qulay boʻlishini taʼminlash zarurligini taʼkidladi.