Prezident Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi

0
175
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 mart kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini koʻzdan kechirdi. 

Davlatimiz rahbari dastlab Tashkent City xalqaro biznes markaziga tashrif buyurib, kongress-xoll va besh yulduzli mehmonxona barpo etilish jarayoni bilan tanishdi.

Mazkur inshootlar qurilishi oʻtgan yil mart oyida boshlangan boʻlib, bugungi kunda muhtasham kongress-xoll va 21 qavatli mehmonxonaning beton-karkas ishlari nihoyasiga yetgan. Hozirda metall konstruksiyalar va kommunikatsiyalarni montaj qilish, tom yopish, tashqi pardozlash ishlari olib borilmoqda. 

Prezidentimizga kongress-xollning fasadi, xonalari va yoʻlaklarining koʻrinishiga doir loyihalar namoyish etildi.   

Maʼlumki, Tashkent City biznes-markazlar, mehmonxonalar, ofislar, koʻp qavatli uylar, restoranlar va boshqa obyektlarni oʻz ichiga olgan zamonaviy kompleks boʻladi. Kelgusida bu yerda oliy darajadagi tadbirlar, yirik xalqaro anjumanlar oʻtkaziladi.

Shavkat Mirziyoyev kongress-xollning asosiy zali, har bir xonasini koʻzdan kechirib, ularning qanday bezatilishi va jihozlanishi, mehmonlar uchun qanday sharoitlar yaratilishi bilan qiziqdi. Xalqaro sammitlar chogʻida koʻplab delegatsiyalar qatnashishini inobatga olib, yukori martabali mehmonlar va ishtirokchilarning harakatlanishi, ikki va koʻp tomonlama uchrashuvlar oʻtkazishi, dam olishi uchun keng qulayliklar yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Kongress-xollning birinchi qavati zamonaviy dizaynda, ikkinchi qavati esa klassik uslubda boʻlishi zarurligini taʼkidladi. Yoʻlaklarni yurtimiz rassomlarining eng sara asarlari bilan bezatishni taklif qildi. 

Mazkur kongress-xoll yonida qurilgan mehmonxonaga oid loyihalar ham namoyish etildi.

Shu bilan birga, Prezident Tashkent City yaqinida qad koʻtargan “Humo Arena” muz saroyida olib borilayotgan soʻnggi pardozlash ishlarini koʻzdan kechirdi. 

Davlatimiz rahbari 2017 yil 3 fevral kuni ushbu majmua loyihasini maʼqullab, uning qurilishiga tamal toshi qoʻygan edi. Oʻtgan qisqa davrda mamlakatimiz shaharsozligida yangilik boʻlgan koʻp tarmoqli sport majmuasi bunyod etildi. 

Majmua Toshkent shahrining Afrosiyob va Beshyogʻoch koʻchalari kesishmasida, 9 gektar maydonda qurilgan. Zamonaviy muhandislik texnologiyalarini uygʻunlashtirgan “Humo Arena” majmuasidan 12,5 ming oʻrinli koʻp tarmoqli muz arenasi, 200 oʻrinli mashgʻulotlar maydoni, trenajyor zali, sport muzeyi va koʻplab boshqa obyektlar oʻrin olgan. 

Har biri 60x30 metr oʻlchamdagi asosiy va mashq maydonlari musobaqalarni xalqaro talablar darajasida oʻtkazish, yoshlarni sport bilan shugʻullantirish uchun yaxshi imkoniyat beradi. 

Mobil oʻrindiqlar sport musobaqalaridan boʻsh paytda ommaviy tadbirlarni oʻtkazishga ham moslasha oladi. Bu yerda xokkey, short-trek, figurali uchish, kyorling bilan birga basketbol, voleybol, gandbol, futzal, boks, taekvondo va boshqa turdagi bellashuvlar oʻtkazish mumkin. Bundan tashqari, bayram tadbirlari, konsertlar, koʻrgazma va forumlar tashkil etish uchun ham sharoit yaratilgan. 

Yangi majmua mamlakatimizda sportni rivojlantirish, uning qishki turlarini ommalashtirish, sportchilar tayyorlashni yangi, xalqaro darajaga olib chiqish borasidagi ishlarga kuchli surʼat bagʻishlaydi.

Prezidentimiz majmuadan samarali foydalanish, ommaviy tadbirlar vaqtida fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, inshoot atrofini obodonlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.