Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasida boʻldi.
Davlatimiz rahbari siyosatining asosi boʻlgan xalq bilan muloqot tizimi aholi manfaatlarini taʼminlab, odamlarning hayotga, davlatga ishonchini mustahkamlamoqda.
Yaqinda Toshkent shahri, Bunyodkor shoh koʻchasi 2-uyda yangi Xalq qabulxonasi binosi foydalanishga topshirildi. Bu yerda aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni tashkil etish, murojaatlarni koʻrib chiqish va bajarish uchun barcha sharoitlar muhayyo. Mutasaddilar tomonidan fuqarolarni qabul qilish uchun xonalar, Davlat xizmatlari markazi shoxobchasi, “Madad” nodavlat-notijorat tashkiloti maslahat byurosi, tibbiy xizmat, ona va bola xonalari tashkil etilgan. Toshkent shahrida aholi koʻpligi inobatga olinib, sohalar boʻyicha boʻlimlar yoʻlga qoʻyilgan.
Mazkur muassasa bir kunda 200 nafargacha murojaatchiga xizmat koʻrsatishi mumkin.
Davlatimiz rahbari Xalq qabulxonasida yaratilgan sharoitlarga yuqori baho berdi.
– Bu yerga kelgan odam barcha savollariga javob topishi, Toshkent bu borada namuna boʻlishi kerak, – dedi Prezident.