Prezident Toshkentdagi infratuzilma loyihalarini koʻzdan kechirdi

0
48
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 iyul kuni Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida..

Soʻnggi yillarda Tashkent city majmuasida ulkan inshootlar barpo etildi. Ayni paytda uning “Paxtakor” metro bekati tarafida yirik savdo markazi qurilmoqda.

Davlatimiz rahbari bu yerda boʻlib, piyodalar va avtomobillar uchun sharoitlarni koʻzdan kechirdi. Kelgusida harakat yanada koʻpayishini inobatga olib, Botir Zokirov va Navoiy koʻchalari kesishmasida yoʻl oʻtkazgich qurish, piyodalar yoʻlaklarini qulaylashtirish zarurligini taʼkidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Navoiy, Oybek, Nukus koʻchalari boʻylab yurib, yoʻllardagi sharoitni koʻzdan kechirdi, odamlar bilan suhbatlashdi.

Transport infratuzilmasi bilan bogʻliq yana bir loyiha – Toshkent xalqaro aeroporti yonidagi koʻprik. Avtomobillar qatnoviga qulaylikni oshirish maqsadida u kengaytirilib, qoʻshimcha estakada qurilmoqda. Uning uzunligi 650, eni 30 metr boʻladi. Aylanma shaklidagi chiqish-tushish yoʻllari qayrilib olish xavfini yoʻqotib, harakatni osonlashtiradi.

Prezidentimiz bu yerdagi qurilish jarayonini koʻrdi, atrofni koʻkalamzorlashtirish, manzarali daraxtlar ekish kerakligini aytdi.

Bugun poytaxtimizning Yashnobod tumanida ham bunyodkorlik jadal. Shu bois yashil bogʻlarni saqlab qolish juda muhim. Abdulla Qodiriy va Kichik halqa yoʻli orasidagi Elbek bogʻi ana shunday soʻlim maskanlardan. Davlatimiz rahbari bu bogʻni asrash, aholining dam olishi uchun sharoitlarni kengaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Toshkent-Sharqiy» aeroporti qurilishini ham borib koʻrdi.

Bu aeroportning umumiy maydoni 693 gektar. Loyihaga koʻra, unda 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qoʻnish yoʻlagi, zamonaviy terminallar, samolyotlar uchun angar va perronlar boʻladi. Aeroport noqulay ob-havo sharoitlarida ham uchish-qoʻnishni taʼminlovchi ICAO III-A toifasidagi zamonaviy radiotexnika va meteorologiya asbob-uskunalari bilan jihozlanadi.

Bugungi kunda uchish-qoʻnish yoʻlagi va yuqori martabali mehmonlar terminali binosi barpo etilgan. Prezident ularni koʻzdan kechirdi. Galdagi qurilish ishlarini moliyalashtirish, terminalning tashqi koʻrinishi va delegatsiyalar uchun qulayliklarni qayta koʻrib chiqish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.